#xalqaro_hamkorlik
TAʼLIM JARAYONINI SAMARALI TASHKIL ETISHDA XALQARO HAMKORLIK PRIZMASI
Bugungi kunda Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimida 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi hamda 182 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
2023/2024-o‘quv yilida Prezident maktablarini 319 nafar, ijod maktablarini 263 nafar, ixtisoslashtirilgan maktablarni 5868 nafar o‘quvchi tamomladi.
Prezident maktablari bitiruvchilarining 63 foizi (200 nafari) xalqaro matematika va ingliz tilini bilish darajasini baholovchi (SAT) sertifikatlarga ega bo‘ldi (o‘tgan yilga nisbatan 17 foizga o‘sgan).
Ijod maktablari bitiruvchilarining 81 foizi (215 nafari), ixtisoslashtirilgan maktab bitiruvchilarining 56 foizi (3286 nafari) xalqaro va milliy darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.
Prezident maktablari bitiruvchilarining 65 foizi (206 nafari) muddatidan oldin nufuzli xorijiy oliygohlarda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Albatta, ushu yutuqlar mamlakatimizda taʼlim sohasiga berilayotgan yuksak eʼtibor samarasi, shuningdek, tizimdagi maktablar oʻquv jarayoni xalqaro hamkorlik asosida yanada takomillashtirilayotgani natijasi hamdir.
Agentlik tomonidan joriy yilda jahonning nufuzli taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlik sohasida quvonarli natijalarga erishildi. Xususan, Prezident maktablarining ijrochi va akademik direktorlari hamda STEM fanlari bo‘yicha xorijiy va mahalliy o‘qituvchilari uchun Kembrij xalqaro ta’lim tashkilotining 2025-2027-o‘quv yillari uchun ishlab chiqilgan yangi dasturlarining taqdimoti, o‘qitish metodikasi, laboratoriya ishlari bilan tanishtirish maqsadida ilmiy-amaliy treninglar haftaligi tashkil etildi.
Tizimidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabi Xalqaro bakalavriat tashkiloti (IB) dasturini joriy qilishning 1-bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lib, akkreditatsiyaga tayyorgarlik jarayoni yakunlanib qoldi. Ta'kidlash lozim, Agentligimiz huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi hamda IB tashkiloti oʻrtasida shartnoma imzolangan.
Shuningdek, joriy yilning may-iyun oylarida Agentlik va Koreya ta’lim markazi tomonidan “Incheon ta’lim festivali” o‘tkazildi. 13-14-avgust kunlari hamkorlida oʻtkazilgan “Tabiiy fanlar ta’limi” festivali esa tabiiy va aniq fanlarga asoslangan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etish orqali yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirgan holda ularning ixtisoslashgan xalqaro dasturlar, loyihalar va tanlovlarda ishtirok etishini taʼminlash, yaratuvchanlik qobiliyatini shakllantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda tizimda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar orasida yaratuvchanlik g‘oyalarini shakllantirish va ularni amaliyot bilan bog‘lagan holda o‘quvchilarga yoritib berish ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadlarini oʻz ichiga oldi.
Bundan tashqari Agentlik rahbariyati xorijiy davlatlarning delegatsiyalari oʻrtasida taʼlim sohasida hamkorlik masalalariga bagʻishlangan muzokaralar boʻlib oʻtdi. Jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Cognia xalqaro ta’lim tashkiloti bilan boʻlgan muloqotda Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari faoliyatini o‘rganish va takomillashtirishda, maktablarda ta’lim sifatini yanada yuqori bosqichga olib chiqishda hamkorlik qilish kelishib olindi.
Maʼlumot oʻrnida, Cognia xalqaro ta’lim tashkiloti hozirda 80 ga yaqin mamlakatda 25 milliondan oshiq o‘quvchi va 1 milliondan ortiq o‘qituvchilarni qamrab olgan bo‘lib, 36 000 dan ortiq ta’lim muassasalariga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Xususan, ushbu tashkilot maktablarni akkreditatsiyadan o‘tkazish, sertifikatlashtirish, baholash, tadqiqotlar olib borish, taʼlim sifatini oshirish, sifatli ta’lim resurslari bilan ta’minlash, o‘qituvchilar uchun onlayn platforma hamda offlayn tarzda kasbiy mahoratlari va malakalarini oshirish bo‘yicha yuqori sifatli professional xizmatlar taqdim etib kelmoqda.
Agentlikda Koreya Respublikasining Woosong universiteti Xalqaro fakultetlar ijrochi direktori Yu Tek Li, Raqamli kampus dasturi bosh menejeri Seung Jun Li bilan uchrashuv tashkil etildi.
Koreya Respublikasining Incheon Metropolitan City taʼlim boshqarmasi vakillari esa tizimdagi maktablarimizda boʻlib, taʼlim dasturlari, baholash tizimi, o‘quvchilarning zamonaviy axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt va robototexnika kabi yo‘nalishlarda yaratgan loyihalari bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, Agentligimiz tizimidagi Qarshi shahar 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga Vengriyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yojef Roja tashrif buyurdi. Vengriya elchisi maktab faoliyati bilan yaqindan tanishib, bu yerda o‘quvchi-yoshlarning bilim olishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholadi.
Buxoro shahridagi Prezident maktabiga Buyuk Britaniya olimlari tashrif buyurdi. Tashrif doirasida Sussex universiteti professorlari Simon Thompson, Marcelo Starikoff, Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Ma’murov Prezident maktabi pedagoglari, oʻquvchilar bilan samimiy muloqot qildi. Mehmonlar Buyuk Britaniyada oliy taʼlim tizimi, taʼlim dasturlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Taʼkidlash lozimki, Agentlik va xalqaro hamkorlar bilan aloqalarda taʼlim jarayonlarini samarali tashkil etish, oʻquvchilar va oʻqituvchilar almashinuv dasturlari, tizimdagi maktablarda STEAM fanlari, xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha oʻquv dasturlari ishlab chiqish kabi masalalarga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Axborot xizmati