MATBUOT ANJUMANI OʻTKAZILDI

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan “Agentlik faoliyatida 2023-yilda erishilgan natijalar, istiqboldagi rejalar” yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Matbuot anjumanida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi rahbar va mutaxassislari ishtirok etdi.

Ta’kidlash lozim, Agentlik tizimida hozirgi kunda 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi, 182 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari, “Yangi O‘zbekiston” universiteti, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi hamda "Renessans" sog‘lomlashtirish oromgohi faoliyat yuritmoqda.

O‘tgan 2023-yilda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida e’tirof etishga munosib bir qator ishlar amalga oshirildi:

Prezident maktablarining 13 tasi (93 foizi) SAT (akademik baholash testi) xalqaro sertifikati imtihonlarini o‘tkazadigan rasmiy markazlari sifatida tan olindi.

Prezident maktablari bitiruvchilarining 50 foizi (168 nafari) xalqaro matematika va ingliz tilini bilish darajasini baholovchi (SAT)  sertifikatlarga ega bo‘lishdi.

Prezident maktablari bitiruvchilarining 84 foizi (275 nafari) muddatidan oldin nufuzli xorijiy oliygohlarda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Prezident maktablarida STEM fanlaridan 143 nafar xorijiy pedagoglar ta’lim bermoqda.

Prezident maktablari bitiruvchilari dunyo reytingida TOP–10 talikka kiruvchi “California Institute of Technology”, “Garvard” hamda “Princeton” universitetlarining 100 foizlik grantini qo‘lga kiritishdi.

 Ijod maktablarining 223 nafar bitiruvchilaridan 83 foizi (187 nafari) muddatidan oldin xorijiy va mahalliy oliygohlarda o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritishgan.

Tashkil etilganiga bir yil bo‘lgan ixtisoslashtirilgan maktablarning 3962 nafar bitiruvchilaridan 72 foizi (2882 nafari) oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishdi.

Ijod maktablarning 44 foizida, ixtisoslashtirilgan maktablarning 18 foizida ikkinchi xorijiy til o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.

Nufuzli xalqaro (ICHO, IMO, IPHO, IBO, IOI va Mendeleyev, Kavkaz, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, xalqaro astronomiya kabi) olimpiadalarda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning o‘quvchilari 63 ta (10 ta oltin, 18 ta kumush, 35 ta bronza) medallarni qo‘lga kiritishdi.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning o‘quvchilari o‘rtasida sun’iy intellekt va robototexnika yo‘nalishlari bo‘yicha ikki bosqichli Robo-kodlash olimpiadasi tashkil etildi.

O‘qituvchilarning yoshlarga ta’lim-tarbiya berishdagi mas’uliyatini, kasbiy rivojlanishida talabchanlikni oshirish, ilg‘or ish tajribalarni ommalashtirish maqsadida matematika va kimyo fanlari o‘qituvchilari o‘rtasida olimpiada tashkil etildi.

Prezident maktablarining baholash tizimini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov jarayonlariga Agentlik maktablardan 500 ta umumta’lim maktabining har biriga 2 nafardan trener-o‘qituvchilar biriktirildi hamda uzluksiz metodik yordam ko‘rsatib borish yo‘lga qo‘yildi.

Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida 5-sinflar uchun matematika, informatika va axborot texnologiyalari, 7-sinflar uchun O‘zbekiston tarixi, ona tili (husnixat mashq daftari), 10-sinflar uchun adabiyot fanlaridan yangi avlod darsliklari ishlab chiqildi.

Kembrijning fizika, kimyo va biologiya fanlaridan ta’lim dasturlari, 7-sinflar uchun fizika, 8-sinflar uchun biologiya fanlaridan Kembrij xalqaro ta’lim tashkilotining darslik majmualari (darslik + mashq daftari + amaliy ishlar + o‘qituvchi kitobi) mahalliylashtirildi.

 Ixtisoslashtirilgan maktablarning 5-11-sinflar uchun “Ijodiy matematika” o‘quv qo‘llanmasi va 6-sinflar uchun “Avval matematika” masalalar to‘plami ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.

Ijod maktablarida “Maxsus fan” sifatida 10-11-sinflar uchun o‘quvchilarning qiziqishlaridan kelib chiqib, “Xalq og‘zaki ijodi”, “Adabiy jarayon”, “Adabiyot qoidalari”, “Publitsistika”, “Dramaturgiya” kabi fanlarning o‘qitilishi joriy etildi.

 Toshkent shahridagi Prezident maktabida tanlov fan sifatida 8-sinflar uchun Kembrijning “Jahon tarixi” fani tajriba-sinovdan o‘tkazilmoqda.

 Ijod maktablari o‘quvchilarining 400 dan ortiq ijod  namunalari jamlangan  “Ijod  bog‘idan guldasta”  to‘plamining 4-soni  nashr etildi.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning rahbar va pedagog xodimlari uchun xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda  “Zamonaviy va loyihaga asoslangan ta’lim”, “Sifatli ta’lim-kuchli jamiyat”, “Xavfsiz va sog‘lom muhit-sifatli ta’lim asosi”, “Sifatli ta’lim va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan tarbiya sog‘lom muhit poydevori” mavzularida seminar-treninglar tashkil etildi.

“Yangi O‘zbekiston” universitetida “Microsoft Community Conf 2023 Uzbekistan” IT konferensiyasi tashkil etildi.

Mamlakatimizda ilk marotaba “Yangi O‘zbekiston” universitetida “Diffusion Fundamentals-X” konferensiyasi tashkil etildi.

Istiqboldagi vazifalar:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni hamda “Ijod maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur hujjatlarga ko‘ra, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab filiallari 13 ta hududda tashkil etiladi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabida "Yangi O‘zbekiston" universiteti bilan integratsiyalashgan tarzda muhandislik yo‘nalishida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Qolaversa, ixtisoslashtirilgan maktablarda 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab bosqichma bosqich STEM fanlarini to‘liq ingliz tilida o‘qitish tashkil etiladi.

Umumta’lim maktablarining 6-sinf o‘quvchilari o‘rtasida ijodiy tanlov o‘tkazilib, tanlov g‘oliblari ijod maktablariga kirish imtihonisiz qabul qilinadi.

Ijodkor o‘quvchilar o‘rtasida "Ijodiy olimpiada" o‘tkaziladi, ijodiy ishlari "Mening birinchi kitobim" loyihasi doirasida chop etiladi.

Ijod maktablari oliy ta’lim muassasalari va O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixonalariga biriktiriladi.

Qolaversa, "Yosh akademiklar" klubi, STEM fanlari bo‘yicha fan kengashlari, "Bitiruvchilar kengashi" tashkil etiladi hamda har yili "Bitiruvchilar qurultoyi" o‘tkaziladi, "Turon yo‘lbarslari" harbiy sport musobaqalari hamda umumiy o‘rta ta’lim o‘quvchilari o‘rtasida “Ixtirochilikka qadam” tanlovi o‘tkaziladi.

Matbuot anjumani yakunidagi savol-javob qismida ommaviy axborot vositalari vakillari savollariga mutaxassislar tomonidan javob berildi.