Oʼzbekiston Qahramoni, taʼlim sohasi fidoyilaridan biri, jonkuyar pedagog, ustoz Muhabbat Sharopova bilan uchrashish baxtiga muyassar boʼldim.
Toʼgʼrisini aytganda, ustozning 74 yoshda professor ilmiy unvonini olganliklari haqida eshitib hayratimni yashirolmadim. Bu fidoyi insonning yuragi hozir ham yoshlardek shijoat va kuch-gʼayratga toʼla ekanligidan havasim yanada ortdi. Shunday fidoyi ustozlarimiz bugun taʼlimning ustunlaridir.
Suhbat davomida ustozning 1985-yil Qashqadaryo viloyatida matematikaga ixtisoslashgan yagona sinf ochish uchun qanday qiyinchiliklarga duch kelgani, 6 oylab maosh olmay mehnat qilganini tinglab, sohaga doir bugungi islohotlarning negizini anglash qiyin emas.
Ixtisoslashgan maktablarning respublikamizning har bir tumanida tashkil etilayotgani, Prezidentimiz va davlatimiz tomonidan maktab taʼlimi va tizimni har tomonlama rivojlantirishga eʼtibor qaratilayotganidan mamnun ekanligini aytganida biz toʼgʼri yoʼlda ekanligimizga yana bir bor amin boʼldim.
“Bugungi kun oʼqituvchilari uchun barcha sharoitlar bor. Biz eng kuchga toʼlgan vaqtimiz — yilning 3-sentabridan paxta terishga ketib, 9-dekabrda qaytar edik. Hozir oʼqituvchilar uchun yaratilgan sharoitlarni koʼrib, qaniydi 30-40 yoshimga qaytib qolsam”, — deydi Muhabbat Sharopova.
52 yildan beri oʼn minglab oʼquvchilarga taʼlim berib, ularning erishgan yutuqlari haqida quvonib gapirayotgan Muhabbat Sharopova qiyofasida haqiqiy ustoz siymosini koʼrdim. Va har bir ustoz oʼz ishini mana shunday sevishini, kasbi ortidan shunday gʼurur va iftixor bilan gapirishini istagan boʼlardim.
Ustoz bilan bugungi taʼlimdagi oʼzgarishlar haqida suhbatlashib, oldimizda turgan vazifalar borasida maslahat va tavsiyalarini oldim