ABDULLA ORIPOVNING YAPONIYALIK DOʻSTI IJOD MAKTABIGA TASHRIF BUYURDI

#tashrif

ABDULLA ORIPOVNING YAPONIYALIK DOʻSTI IJOD MAKTABIGA TASHRIF BUYURDI

Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri, davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasida, balki dunyoning ko'plab yurtlarida taniqli ijodkorlar, maʼnaviyat-maʼrifat kuychilari, olim-u fuzalolari bilan mustahkam doʻstlik aloqalarini oʻrnatgan edi. Ulardan biri yaponiyalik Terasava Sensey edi.

Terasava Sensey mashhur yapon faylasufi, tinchlik elchisi boʻlib, qariyb yarim asrdan beri butun dunyo mamlakatlarga tashrif buyurib, tinchlik va farovonlikni targʻib qiladi. Koʻp harbiy mojarolarning mamlakatlararo uchrashuvlarda tinchlik va kelishuv yoʻli bilan yechim topishiga  hissa qoʻshgan insonlardan biri. 

Hayoti davomida deyarli barcha davlatlarning rahbarlari bilan uchrashgan va muloqotda boʻlgan. Koʻplab xalqaro konferensiya va simpoziumlarda, shuningdek, BMT tashkilotida ham yirik mamlakatlarni yadroviy qurollardan voz kechishga chorlagan.

2004-yilda Oʻzbekistonda kelganida Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov bilan koʻrishgan. Uning “Mangulik makoni. Men senga uch ming yillik  dunyoni topshiraman” degan kitobida Oʻrta Osiyo xalqlari qadimgi tarixi va chuqur falsafasi haqida yozilgan. 

Terasava Sensey Abdulla Oripovning qadrdon do'sti bo'lgan, Toshkent shahrida bir necha bor uchrashishgan. Joriy yilning 10-oktabr kuni Terasava Sensey Abdulla Oripovning qizi, tibbiyot fanlari nomzodi Shoira Oripova bilan birga ijod maktabiga tashrif buyurdi. 

Terasava Sensey shoirning muzeyini tomosha qila turib, muzey eksponatlari ichida do'sti bilan tushgan fotosuratini ko'rib juda quvondi. Muzey unda katta taassurot qoldirdi. Shundan so'ng u ijod maktabida o'quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. 

Aytish kerakki, bu tashrif orqali turli millat vakillarining shoir ijodiga bo'lgan e'tibor, qiziqish va hurmat-ehtiromining guvohi bo'ldi. Bu Abdulla Oripov ijodining dunyo bo'ylab taralayotganidan dalolat.