Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari bilan uchrashuv

Joriy yilning 23-fevral sanasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi rahbari Hilola Umarova Sirdaryo viloyatida joylashgan Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabiga tashrif buyurdi.

Ijod maktabiga tashrifi chog‘ida agentlik rahbari o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida beshta muhim tashabbus yo‘nalishlari bo‘yicha hunarmandchilik — zargarlik, kashtachilik to‘garaklarini  tashkil etish haqida takliflar berdi. Bundan tashqari,   ijodiy muhit yaratish uchun  maktabning ichki dizayni noanʼanaviy usulda, kreativ yondashgan holda yaratilishi lozimligini taʼkidladi.

Uchrashuv davomida ijod maktabi o‘quvchilari hamda  Muhammad al Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning iqtidorli o‘quvchilari va ustozlari hamkorlikda Halima Xudoyberdiyeva mobil ilovasini yaratish  ishlarini yo‘lga qo‘yish haqida ham kelishib olindi.  

Shuningdek, Hilola Umarova ijod maktabi direktori Muhammad Ismoilov bilan mavjud kamchiliklar, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari haqida suhbatlashdi.

Agentlik rahbari ijod maktabi o‘quvchilarining xorijiy tillarni mukammal o‘rganishlari uchun yurtimizda faoliyat yuritayotgan xorijlik pedagoglarni yo‘naltirish hamda til o‘rganish ko‘nikmalarini oshirish uchun bir qancha ishlarni amalga oshirish rejalashtirilganini alohida taʼkidladi.

        Kuning ikkinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, taʼlim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari  Dilshod Kenjayev, tarix fanlari doktori, professor Abduhalil Mavrulov,  “Maʼnaviy hayot” jurnalining bosh muharriri Eshqobil Shukur va O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, sirdaryolik ijodkorlar bilan Guliston shahrida tashkil etilgan Axborot texnologiyalari tayanch maktabida bo‘lib o‘tgan “Yoshlar — kelajagimiz tayanchi”  mavzusidagi uchrashuvda ishtirok etishdi. 

   Agentlik rahbari Hilola Umarova uchrashuvda so‘zga chiqib, yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Zamonaviy taʼlim, adabiyot, IT-yo‘nalishlarining uzviy bog‘liqligini o‘zining ish faoliyatida Prezident, ijod, ixtisoslashgan maktablar hamkorligida amalga oshirayotganligi  bo‘yicha fikrlarini bayon etdi.

     Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan barcha ijod maktablarida taʼlim olayotgan isteʼdodli o‘quvchilarning eng sara sheʼrlari jamlangan “Ijod bog‘idan guldasta” sheʼriy to‘plami uchrashuv ishtirokchilariga taqdim etildi.

     Ishtirokchilar Guliston shahrida tashkil etilgan Axborot texnologiyalari tayanch maktabida dasturchi o‘quvchilariga yaratilgan  sharoitlar bilan tanishishdi. Maktabning o‘quvchilari va ustozlari bilan  axborot texnologiyalari, dasturlash tizimi va turlari bo‘yicha suhbatlashishdi.