Kimyo va biologiya yoʻnalishlarida uzluksiz taʼlim sifatini oshirish chora-tadbirlari tasdiqlandi

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Kimyo va biologiya yoʻnalishlarida uzluksiz taʼlim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarorini imzoladi.

Prezident qaroriga koʻra, Respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan 14 ta tayanch maktablarini tashkil etiladi. Mazkur maktablar Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tasarrufidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati bilan birga hamkorlikda tashkil etiladi.

Shu bilan birga, tuman (shahar) larda bosqichma-bosqich kimyo va biologiya fanlarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan 150 ta maktablarni tashkil etiladi.

Ushbu maktablarda kimyo va biologiya fanlarini samarali oʻqitishni muvofiqlashtirish uchun ularga oliy taʼlim muassasalarining 55 ta kafedralari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va ishlab chiqarish tarmoqlarini biriktiriladi. Qaror bilan mazkur tarmoqlar roʻyxati tasdiqlanmoqda.

Ishlab chiqarish tarmoqlari uchun oʻrta boʻgʻin kadrlar tayyorlash tizimini samarali yoʻlga qoʻyish yuzasidan kimyo va biologiya yoʻnalishlariga tegishli mutaxassisliklar boʻyicha shunday kadrlarni tayyorlaydigan 47 ta professional taʼlim muassasalariga ishlab chiqarish korxonalarini biriktiriladi.

Oliy taʼlim muassasalarida kimyo va biologiya yoʻnalishlarida samarali oʻquv jarayonini tashkil etish, fanlarni rivojlantirish uchun ularning 74 ta kafedralariga 11 ta Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari hamda ishlab chiqarish tarmoqlarini biriktiriladi. Shu bilan birga har bir hududga muvofiqlashtiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasa biriktirilmoqda.

Tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablarga biriktirilayotgan 23 ta ishlab chiqarish tarmoqlari (jami 38 ta tashkilot) 2020-2024-yillarda ularni zamonaviy laboratoriyalar, darsliklar va boshqa oʻquv jihozlari bilan taʼminlash, oʻquvchilarning mazkur fanlarga boʻlgan qiziqishlarini oshirish va qobiliyatlarini namoyon etishlari uchun zarur sharoitlar yaratish, oʻquv jarayonini takomillashtirish maqsadida yaqindan koʻmaklashishi va 400 mlrd soʻm miqdorida homiylik mablagʻlarini ajratishi koʻzda tutilmoqda.

Yangi tizim kimyo va biologiya fanlari boʻyicha taʼlim sifatini tubdan oshirish, tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablar, professional taʼlim (kollej va texnikumlar), oliy taʼlim, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda ishlab chiqarish tarmoqlari oʻrtasida oʻzaro yaqin muloqot va hamkorlik tizimini oʻrnatishga xizmat qiladi.

Tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablarning faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha komissiya tashkil etildi. Komissiyaga bosh vazir oʻrinbosari Behzod Musayev boshchilik qiladi.

Komissiyaga 2020-yil 1-dekabrga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda umumtaʼlim maktablarining salohiyati, oʻquvchilarning kimyo va biologiya fanlariga boʻlgan qiziqishi va ota-onalarning talablarini oʻrgangan holda ular negizida ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yoʻlga qoʻyish vazifasi yuklatilmoqda.

Tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni yuqori malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlash boʻyicha manzilli dasturni Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritish vazifasi yuklanmoqda.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan maxsus jamgʻarmalar tashkil etilmoqda va ularning mablagʻlarini shakllantirish manbalari belgilanmoqda.

Jamgʻarmalar davlat byudjeti mablagʻlari, har bir hudud uchun kamida 1 mlrd soʻm (jami 14 mlrd soʻm) miqdoridagi mahalliy byudjet mablagʻlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qoʻshimcha manbalari va byudjetdan tashqari mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.

Joriy yilda umumtaʼlim muassasalarida kimyo va biologiya fanlariga qiziqishi boʻlgan oʻquvchilar uchun tajriba-sinov sifatida joriy etilayotgan tabiiy fanlar yoʻnalishidagi variativ (oʻzgaruvchan) oʻquv rejalarini bosqichma-bosqich oʻquv jarayonida foydalanishni yoʻlga qoʻyiladi. Oʻquvchilarning amaliy koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida tabiiy fanlar oʻquv dasturlarida amaliy mashgʻulotlarning ulushini koʻpaytirish choralarini koʻriladi.

Ixtisoslashtirilgan maktablarning kimyo va biologiya fanlari oʻqituvchilarining bilimi va pedagogik mahoratini baholash va saralab olingan nomzodlarning malakasini oshirish rejasini tasdiqlash rejalashtirilgan.

Oʻtkazilgan baholash natijalaridan kelib chiqib, ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilingan kimyo va biologiya fanlari oʻqituvchilari hamda rahbar kadrlari (direktor va ixtisoslashgan fan boʻyicha direktor oʻrinbosari)ning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan amalda belgilangan ustama haqi miqdori 2021-yil 1-yanvardan boshlab 50 %gacha oshiriladi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim hamda Xalq taʼlimi vazirliklari 2020-yil 1-dekabrga qadar kimyo va biologiya fanlari oʻqituvchilarini tayyorlash dasturlarini xorijiy universitetlar tajribasi asosida tahlil qilib, takomillashtiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat test markazi 2021-yil 1-fevralga qadar kimyo va biologiya fanlaridan bilimlarni baholash boʻyicha milliy sertifikatlash tizimini joriy qilish boʻyicha topshiriq berdi.

Milliy sertifikatga ega oʻquvchilar davlat oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirishda kimyo yoki biologiya fanidan test sinovi topshirishdan ozod etiladi hamda ularga tegishliligiga koʻra kimyo yoki biologiya fani uchun belgilangan maksimal ball beriladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi 2021-yildan boshlab ilgʻor xorijiy tajriba asosida taʼlim muassasalari uchun oʻquv va ilmiy adabiyotlarni yaratish boʻyicha milliy tanlov tashkil qiladi. Tanlov gʻoliblari Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash fondi hisobidan 100 mln soʻmdan bir martalik mukofot pullari bilan taqdirlanadilar.

Qarorga koʻra, 2021-yildan boshlab har 2 yilda bir marotaba oliy taʼlim muassasalari talabalari orasida kimyo va biologiya fanlari boʻyicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro fan olimpiadalari oʻtkaziladi.

Mazkur olimpiadalarda gʻolib boʻlgan talabalarga bir martalik mukofot taqdim etiladi hamda tegishli yoʻnalishlar boʻyicha oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga davlat granti asosida imtihonsiz oʻqishga kirish huquqi beriladi.

Bundan tashqari, oliy taʼlim muassasalarining kimyo va biologiya taʼlim yoʻnalishlari talabalari oʻrtasida oʻtkaziladigan respublika fan olimpiadasi gʻoliblari hamda kimyo va biologiya fanlari boʻyicha nufuzli xalqaro olimpiadalar sovrindorlarini magistraturaga tegishli mutaxassisliklar boʻyicha oʻqishga ajratilgan kvota doirasida davlat grantlari asosida imtihonsiz qabul qilish joriy etilmoqda.

Shuningdek, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab kimyo va biologiya yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlayotgan barcha oliy taʼlim muassasalari umumtaʼlim maktablari bitiruvchi sinflari oʻquvchilari oʻrtasida koʻp bosqichli (tuman (shahar) – viloyat – oliy taʼlim muassasasi) kimyo va biologiya fani boʻyicha oʻzining olimpiadasini oʻtkazish va 1-3 oʻrinlarni egallagan oʻquvchilarni oliy taʼlim muassasasining mablagʻlari hisobidan imtihonsiz oʻqishga qabul qilish tartibi joriy etilmoqda.

Olimpiadalar gʻoliblarini tayyorlagan professor-oʻqituvchilarni ragʻbatlantirish maqsadida 2021-yildan ularga bir marotaba oylik maoshining 100% miqdorida haq toʻlash, shuningdek kimyo va biologiya fanlari boʻyicha talabalar uchun toʻgaraklar olib borayotgan professor-oʻqituvchilarga oʻquv yili davomida oliy taʼlim muassasalarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan oylik maoshlariga 25% miqdorida ustama haq belgilash tartibi joriy etiladi.