O‘zbek tilini o‘rganishga mo‘ljallangan ilk onlayn ta'lim platformasi yaratildi

"Vatandoshlar" jamoat fondi tashabbusi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi hamkorligida o‘zbek tili onlayn ta'lim platformasi yaratildi. 

15-mart kuni Toshkent shahrida ushbu platformaning taqdimot marosimi o‘tkazildi. 

Ta'kidlanganidek, til – millat ko‘zgusidir. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi. Hozirgi globallashuv va axborot davrida ona tilimizni sofligicha saqlash va uni kelajak avlodga bezavol yetkazish – barchamizning muqaddas burchimizdir.

O‘zbek tilini o‘rganish platformasi, avvalambor, o‘z yurtidan yiroqda  yashayotgan barcha vatandoshlarimizga mo‘ljallangan.

Xorijiy tillarni o‘rganishga mo‘ljallangan ko‘pgina platformalar mavjud bo‘lib, aynan o‘zbek tilini o‘rganishga mo‘ljallangan bu kabi yaxlit platforma ilk bor ishlab chiqildi.