Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablarni rivojlantirish agentligi Nukusga tashrif buyurdi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) direktori Hilola Umarova Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrif buyurdi.

Mazkur tashrif doirasida Agentlik rahbari Nukus shahrida 2019-yildan beri faoliyat yuritayotgan Prezident maktabi faoliyati bilan tanishdi.

Hilola Umarova maktabdagi oʻquvchi va pedagoglar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Maktab maʼmuriyati va oʻqituvchilar bilan uchrashuv doirasida taʼlim muassasasida taʼlim sifatini oshirish va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularni kasbga yoʻnaltirish boʻyicha amalga oshirilishi kerak boʻlgan masalalar muhokama etildi.

Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori, shu bilan birga, maktab oʻquvchilari bilan suhbatlashdi va ularning loyihalari bilan tanishdi.

Tashrif doirasida Hilola Umarova Nukus shahridagi Prezident maktabi oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan konsert dasturida ham ishtirok etdi.