Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limini rivojlantirish va sifatini oshirishga oid rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ta’lim tizimi islohotlari eng birinchi vazifa etib belgilangan. Shunga muvofiq, bu soha ham umumiy, ham ixtisoslashtirilgan tarzda rivojlantirilmoqda. Jumladan, yurtimizda 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi va 182 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat yuritmoqda.

O‘tgan yillardagi tajriba va hayot talabidan kelib chiqib, ulardagi yo‘nalishlarni takomillashtirish nazarda tutilmoqda.

Xususan, Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda Myunxen texnika universiteti bilan hamkorlikda, tajriba tariqasida, muhandislik dasturlarini joriy qilish taklif etilmoqda. Bu dastur “Yangi O‘zbekiston” universiteti dasturi bilan integratsiya qilinadi.

Yuqori malakali pedagoglar imkoniyatlaridan keng foydalanish maqsadida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzurida jamoatchilik asosida “Fan kengashlari” tuziladi. Bu kengashlar ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, baholash tizimini takomillashtirish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirishga jalb qilinadi.

Kelgusi o‘quv yilidan 14 ta maktabda fanlarni ingliz tilida o‘qitishni yo‘lga qo‘yish, 2025-2026 yillarda 8 ta yangi ixtisoslashgan maktab qurish rejalari ham bayon etildi.

Ijod maktablari bo‘yicha ham takliflar bor. Jumladan, ularda taniqli adiblar va jamoat arboblari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. O‘quvchilarning ijodiy ishlarini Yozuvchilar uyushmasi hisobidan nashr etish yo‘lga qo‘yiladi. Turli ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish orqali iqtidorli yoshlar qo‘llab-quvvatlanadi.