Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida yangi tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘qituvchilar qabuli yuzasidan matbuot anjumani

2022-yil 14-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Prezident ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi PF-106-son Farmoni qabul qilindi.

Mazkur Farmon asosida 193 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar Prezident ta'lim muassasalari agentligi tizimida tashkil etiladi. Shundan 168 tasi 2022-2023-o‘quv yilida o‘z faoliyatini boshlamoqda.

Joriy yilning 8-iyun kuni AOKAda Prezident ta’lim muassasalari agentligi tomonidan ushbu maktablarga pedagog-kadrlarni saralab olish jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Agentlik rahbariyati hamda Agentlik tizimidagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi mutaxassislari ishtirok etishdi.

Matbuot anjumanida yangi tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktablarga pedagog-kadrlar qabuli borasida batafsil ma'lumot berildi.

Ma'lumot uchun, Prezident ta'lim muassasalari agentligi tizimida yangi tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktablarga pedagog-kadrlarni saralab olish maqsadida Agentlik tomonidan tanlov e'lon qilingan.

O‘qituvchilar 3 bosqichli saralash asosida (hujjatlar qabuli, test va suhbat) ishga qabul qilinadi. 1-bosqich -  hujjatlar qabuli joriy yilning 20-aprelidan 20-mayiga qadar job.piima.uz sayti orqali onlayn amalga oshirilgan bo‘lib, jami qabul qilingan hujjatlar soni 32 476 tani tashkil etdi.

Tanlovning ikkinchi bosqichi, ya'ni test imtihonlari joriy yilning 11-iyun sanasidan boshlanishi rejalashtirilgan. Unda har bir nomzodga o‘zi tanlagan fan doirasida test savollari beriladi.

Ikkinchi bosqichga o‘tgan o‘qituvchilarning telefon raqamiga hamda elektron pochta manziliga imtihon o‘tadigan sana, manzil va vaqti haqidagi ma'lumotlar havolasi yuboriladi.

Imtihonlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining test.tdi.uz sayti orqali belgilangan ta'lim muassasasida onlayn bo‘lib o‘tadi.

Tanlov natijalariga ko‘ra jami 7 mingga yaqin pedagog-kadrlarning yangi tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktablarga ishga qabul qilinishi rejalashtirilmoqda

Ayni paytda Prezident ta'lim muassasalari agentligining hududiy bo‘limlari tashkil etilgan bo‘lib, ular yangi tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanishadi.

Tanlovning 2-bosqichidan muvafaqqiyatli o‘tgan pedagog-kadrlarning mahoratini oshirish maqsadida hududlarda seminar-treninglar olib boriladi.  Hududlarda ushbu jarayonlar uchun trenerlar tayyorlanmoqda.

Seminar-treninglar Prezident ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi mutaxassislari tomonidan tashkil etilgan. Undan ko‘zlangan maqsad yangi tashkil etilayotgan maktablarga XXI asr talablariga javob beruvchi hamda STEAM fanlarni o‘qitish metodikasi bo‘yicha o‘qituvchilarga amaliy yordam ko‘rsatishdan iborat.