Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarovaning Yoshlar forumidagi ochiq muloqotdan fikrlari

PREZIDENT TA’LIM MUASSASALARI AGENTLIGI DIREKTORI YOSHLAR BILAN JONLI MULOQOTIDAN

“Toshkent: Yoshlar forumi – 2021” doirasida bugun, 21-dekabr kuni Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarovaning “Ta’lim-taraqqiyot podevori” mavzusida yoshlar bilan jonli muloqoti  bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida Agentlik va tizimidagi ta’lim muassasalari faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot va videorolik namoyish etildi.

- Ta’lim taraqqiyotning asosidir. Yoshlar talimiga kiritilayotgan investitsiya, bu kelajakka kiritilayotgan investitsiyadir. Chunki siz yoshlar  mamlakatimizning kelajagi va umidisizlar!

-  Inson faoliyati yonalishi istalgan vaqtda ozgarishi mumkin. Men ham bir vaqtlar shunday qilganman. Sizlarga ham o‘zingizni ko‘rolgan sohada bo‘ling, deyman. 

- Bolaning qayerda o‘qiyotgani, uning ijtimoiy kelib chiqishi umuman ahamiyatga ega emas. Uning iste’dodi - muhim.  Ota-ona farzandining bilim olishiga e’tibor qaratsa, u bilan shug‘ullansa – bola albatta o‘qishga kiradi. Misol uchun, eshitib qolaman - Prezident maktablarida faqat boy yoki yuqori martabali insonlarning farzandlari o‘qishga kiradi, deb. Aslida unday emas! Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, Prezident maktablarida ta’lim olayotgan o‘quvchilarning ota-onalarining aksariyat qismini o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, harbiylar, ishbilarmonlar va uy bekalari tashkil etadi.

- Qizlarning ta’lim olishiga alohida e’tibor qaratish shart. Chunki, qizlar bilimli bo‘lsa, ular kelajak avlodni ham bilimli qilib tarbiyalaydi. 

- Bilim olishdan hech qachon to‘xtamang. Doimo izlanishda bo‘ling, o‘qing, o‘rganing, imkoniyatlardan foydalaning. Masalan, Agentligimiz tomonidan 15-16-yanvar kunlari talaba va o‘quvchilar uchun BMT modeli loyihasi tashkil etilmoqda. Ushbu loyihada nafaqat Agentlik tizimidagi maktablar o‘quvchilari, balki barcha yoshlar ishtirok etishlari mumkin. BMT modeli diplomatiya sohasiga qiziquvchilar uchun ajoyib imkoniyat, ishtirok eting va bilimlaringizni yanada oshiring!

Taqdimot yakunida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

  Agentlik tizimidagi maktablar o’quvchilarining necha foizi qizlardan iborat?

Agentlik tizimidagi maktablarda jami 5543 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan bo‘lib, shundan o‘g‘il bolalar 60 foiz, qiz bolalar esa 40 foizni tashkil etadi.

Xususan, Prezident maktablarida oquvchilarning 74 foizini o‘g‘il bolalar, 26 foizini  qiz bolalar, ijod maktablarida 23 foizini o‘g‘il bolalar, 77 foizini qiz bolalar, ixtisoslashtirilgan maktablarda esa 74 foizini o‘g‘il bolalar, 26 foizini qiz bolalar tashkil etadi.

“Yangi O‘zbekiston” universiteti talabalari ham turli ilmiy tadqiqotlarda ishtirok etishadimi?

“Yangi O‘zbekiston” universitetining asosiy g‘oyasi ilm va sanoat integratsiyasiga qaratilgan. Hozirgi kunda universitetda tahsil olayotgan 200 nafarga yaqin talabalarning barchasi xorijdan taklif qilingan professor-ustozlar qo‘l ostida ta’lim olishmoqda. Talabalar malakali pedagog-kadrlar bilan birgalikda ilmiy maqolalar va tadqiqotlar ustida ishlashmoqda. Ishonamanki, “Yangi O‘zbekiston” kelajakda ilm-fan va ixtirolar maskaniga aylanadi.

Prezident maktablari bitiruvchilariga oliy o‘quv yurtlariga kirishiga qanday imtiyozlar mavjud? 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyuldagi 5188-sonli qaroriga muvofiq, Prezident maktablari bitiruvchilariga davlat oliy ta’lim tashkilotlariga umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan qo‘shimcha davlat granti asosida test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz o‘qishga qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan.

Bundan tashqari Prezident maktabi bitiruvchilari Cambridge Assesment International Education tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan xalqaro A-level sertifikatiga ega bo‘lishadi. Bu sertifikat esa dunyoning 100 dan ortiq davlatlarining oliy ta’lim muassasalarida tan olinadi.

Ochiq muloqot davomida, shuningdek yoshlarning taklif va istaklari tinglanib, mas’ullarga yo‘naltirildi.