“Zamonaviy maktab liderlar nigohida” loyihasi doirasida seminar-treninglar tashkil etilmoqda

Joriy yilning 7-10-fevral kunlari Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tizimidagi Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi tomonidan “Zamonaviy maktab liderlar nigohida” loyihasi doirasida seminar-treninglar tashkil etilmoqda. 
Bundan ko‘zlangan maqsad Agentlik tizimidagi maktablar direktorlari tajribasini umumta'lim maktablari rahbar kadrlari bilan bo‘lishishdir.
Mazkur treninglar maktab rahbarlarini zamon bilan hamnafas, jahon standartlaridan  xabardor, jamoasini bir maqsad atrofida birlashtira oladigan haqiqiy liderlar etib tayyorlashga qaratilgan.
Unda butun Respublika bo‘ylab 10104 nafar maktab direktori ishtirok etishadi.
Treninglar doirasida:
-ta'limni rivojlantirish yo‘lidagi ustuvor maqsadi va yangicha yondashuvi bilan tanishtirish; 
-maktabni rivojlantirish strategiyasini (istiqbol reja)  shakllantirishda ta'lim tizimining maqsad va qadriyatlarini asos qilib olishni tushunib yetish;
-maktab strategiyasini ishlab chiqishda maktab jamoasini jalb etish zaruriyatini anglash ko‘zda tutilgan.
Treninglar Qoraqalpog‘iston, hududlar va Toshkent shahrida bir vaqtda bo‘lib o‘tadi.
Ma'lumot o‘rnida, ushbu loyiha doirasida joriy yilning 28 yanvaridan boshlab “Liderlar haftaligi” seminar-treninglariga start berilgan edi. 
Unda Agentlik tizimidagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning 130 nafar rahbar kadrlari ishtirok etishdi.
Mazkur seminardan ko‘zlangan maqsad umumta'lim maktablari direktorlari uchun uzoq muddatli strategiya va ustuvor vazifalarni belgilash, jamoada sog‘lom muhit yaratish, samarali ta'lim tamoyillari hamda liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirish hisoblanadi.