AGENTLIK RAHBARIYATINING MAKTABLAR FAOLIYATINI JOYIGA BORIB OʻRGANISH ISHLARI DAVOM ETMOQDA

#ishchi_guruh 
#Samarqand_viloyati

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktorining oʻrinbosari Sevara Shakirova boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Agentlikning Samarqand viloyatida joylashgan ixtisoslashtirilgan maktablarida oʻquvchilarning sifatli taʼlim-tarbiya olishlari uchun yaratilgan sharoitlar, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligi, harbiy-vatanparvarlik targʻiboti, oʻquv binolari va yotoqxonalarni isitish holati oʻrganildi.

Xususan, viloyatning Qo’shrabot, Paxtachi, Ishtihon, Narpay va Oqdaryo kabi olis hududlarda joylashgan tumanlardagi ixtisoslashtirilgan maktablardagi dars jarayonlari kuzatilib, oʻquvchilarni fanlarni oʻzlashtirish koʻrsatgichlari tahlil qilindi. Shu bilan birga o‘qituvchilarga ilmiy-pedagogik faoliyatlarini samarali tashkil etish, o‘z bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, pedagogik kompetensiyalarini yanada kengaytirish borasida amaliy tavsiyalar berildi.

Ishchi guruh tomonidan taʼlim muassasalarida darsdan keyin tashkil etilgan fan, xorijiy tillar, shaxmat toʻgaraklari faoliyati, ularda oʻquvchilar qamrovi ham alohida oʻrganildi. Shuningdek, oʻquv jarayonida sun’iy intellektga asoslangan raqamli ta’lim platformasi (Cerebry) dan foydalanish, bitiruvchilarini oliy taʼlim muassasalari, SAT, IELTS kabi xalqaro sertifikatlar imtihonlariga tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar samaradorligi tahlil qilinib, bu borada malakali pedagoglarning taklif va  mulohazalari olindi.

Masʼullarga oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari faoliyatini yaxshilash, mavjud muammolarni o‘rganish va aholining fikr-mulohazalarini tinglash maqsadida Samarqand shahridagi Prezident maktabida Agentlik direktori oʻrinbosari Sevara Shakirova ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi.

Sayyor qabul davomida murojaatlarning aksariyatiga joyida yechim topildi. Yechimi vaqt talab qiladigan masalalar yuzasidan esa tegishli mas’ullarga topshiriq va ko‘rsatmalar berilib, ularni nazoratga olish belgilandi.