#Farmon_ijrosi_amalda
#Akademik_bilan_muloqot
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi "Ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmoni qabul qilingan edi. (https://t.me/piimauz/15142)
Mazkur farmonda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademiklari ishtirokida dars o‘tish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi alohida belgilab oʻtilgan.
Farmon ijrosi doirasida Paxtakor tuman ixtisoslashtirilgan maktabida OʻzFA akademigi, arxeolog-tarixchi olim Ahmadali Asqarov bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda taʼlim maskani yoshlari bilan birga Doʻstlik va Arnasoy tuman ixtisoslashtirilgan maktablari oʻquvchilari ham ishtirok etdi.
Muloqotda arxeolog-tarixchi olim Vatanimizning eng qadimgi tarixi, insoniyatning ilk manzillari, arxeologik tadqiqotlar, moddiy-madaniy yodgorliklar haqida soʻzlab, tarix ajdodlarimiz haqida buyuk xotira ekanligi, unda ota-bobolarimizning maʼnaviyati, amalga oshirgan ishlari mujassamligi, bularning bari yosh avlod uchun kelajak sari ishonchli qadam ekanligini alohida taʼkidladi.
Maʼlumot oʻrnida, akademik A.Asqarov bronza va ilk temir davri qadimgi dehqonchilik va chorvachilik madaniyatlari, Oʻzbekiston hududida ilk shaharsozlik madaniyati va oʻzbek xalqi davlatchiligining ilk bosqichlari, oʻzbek xalqi etnogenezi va etnik tarixi kabi yoʻnalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borgan. Olim 450 dan ziyod ilmiy ishlar, 16 monografiya, 1 ta darslik, 8 ta o‘quv-metodik qo‘llanma muallifi hisoblanadi.