#ishchi_guruh
#Jizzax
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida, Agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda STEM fanlarini Kembrij xalqaro taʼlim dasturlari asosida ingliz tilida oʻqitish tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Mazkur farmon ijrosini samarali tashkil etish doirasida, Agentlikning ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Sohiba Kazakova boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Jizzax viloyatida joylashgan tizimdagi maktablarda STEM fanlarini oʻqitishda metodik yordam koʻrsatildi.
Xususan, ishchi guruh Zomin tuman ixtisoslashtirilgan maktabida ham boʻlib, oʻquv jarayoni sifatini yaxshilash doirasida olib borilgan ishlarni tanqidiy-tahliliy oʻrgandi.
Taʼlim maskanida STEM fanlarini Kembrij xalqaro taʼlim dasturlari asosida ingliz tilida oʻqitish boʻyicha Jizzax shahridagi Prezident maktabi xorijiy oʻqituvchisi Daniel Potot hamkorligida olib borilayotgan darslarda qatnashib, metodik tavsiyalar berdi.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Agentlikning tegishli koʻrsatmasiga muvofiq Jizzax shahridagi Prezident maktabining xorijiy va mahalliy oʻqituvchilari tomonidan hududlardagi ixtisoslashtirilgan maktablarga joyiga chiqqan holda doimiy ravishda metodik yordam koʻrsatib kelinmoqda.
Ishchi guruh faoliyati boshqa hududlar boʻyicha ham davom etmoqda.