Prezident maktabi oʻquvchisi Xalqaro matematika olimpiadasida ishtirok etadi

Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchisi Muhammadrizo Majidov 61-Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO)da ishtirok etuvchi Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosiga aylandi.

Joriy yilning 17-18-avgust kunlari IMOda ishtirok etuvchi Oʻzbekiston terma jamoasini shakllantirish maqsadida saralash olimpiadalari oʻtkazildi. Olimpiadalar natijalariga koʻra eng yuqori natijalarni qayd etgan oʻquvchilar terma jamoa aʼzosiga aylandi.

Xalqaro olimpiadada Oʻzbekiston sharafini olti nafar yoshlarimiz himoya qiladi. Ular orasida Prezident maktabining 9-sinf oʻquvchisi Muhammadrizo Majidov ham bor. Taʼkidlash joizki Muhammadrizo Majidov terma jamoaning eng yosh ishtirokchisi hisoblanadi.

61-Xalqaro matematika olimpiadasi joriy yilning 21-22-sentyabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida oʻtkazilishi lozim edi. Ammo dunyodagi koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat tufayli masofaviy tarzda oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Xalqaro matematika olimpiadasida ishtirokchilarning bilimlarini sinovdan oʻtkazish uchun har kuni 3 tadan masala berilib, 4,5 soat vaqt ajratiladi. Har bir masala 7 balldan baholanadi. 61-XMO natijalari 28-sentyabr kuni maʼlum qilinadi.

Eslatib oʻtamiz, nufuzli xalqaro olimpiadalarda oltin, kumush, bronza medallarini qoʻlga kiritgan oʻquvchilar hamda ularni tayyorlagan oʻqituvchilari PQ-4306-sonli Prezident qaroriga muvofiq pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) jamoasi nomidan Muhammadrizo Majidovni xalqaro matematika olimpiadasida ishtirok etadigan terma jamoasiga saralanganidan qutlaymiz. Terma jamoamiz aʼzolariga olimpiadada yuqori natijalar koʻrsatishlarini tilab qolamiz. Umid qilamiz, vakillarimiz nufuzli olimpiada medallarini qoʻlga kiritadilar, dedi PIIMA direktori Sarvar Babaxodjayev.