VENGRIYA ELCHISI MAKTABIMIZDA

Agentligimiz tizimidagi Qarshi shahar 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga Vengriyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yojef Roja tashrif buyurdi.

Vengriya elchisi maktab faoliyati bilan yaqindan tanishib, bu yerda o‘quvchi-yoshlarning bilim olishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholadi. 

Tashrif doirasida elchi va maktab yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida suhbat tashkil etildi. 

Muloqotda  mamlakatimizda ta'lim sohasida olib borilayotgan islohotlar va ularning samaralari mehmon tomonidan alohida e'tirof etildi. Suhbat davomida Yojef Roja yoshlarga Vengriya maorif tizimi, nufuzli universitetlari, ta’lim grantlari haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, xalqaro ta'lim  yo‘nalishida yoshlarga keng imkoniyatlarni taqdim etadigan "Erasmus+" dasturi haqida ham ma’lumot berdi.

Suhbatda qayd etilgan mavzular, xususan Vengriya hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan muhandislik, IT, tibbiyot  kabi zamonaviy sohalar bo‘yicha stipendiya dasturlari o‘quvchilarda katta qiziqish uyg’otdi.