120dan ziyod pedagoglar “Zamonaviy trener dasturi”da o‘qimoqda

Prezident ta'lim muassasalari agentligi qoshida tashkil etilgan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi pedagog kadrlar uchun "Zamonaviy trener dasturi" trening mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqda. Ushbu haftalik dasturlarda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablardan tashqari xalq ta'limi tizimidagi maktablar o‘qituvchilari ham ishtirok etib, xorijiy va mahalliy mutaxassislardan saboq olishmoqda.

Treninglar davomida ishtirokchilar o‘qituvchilik faoliyatidan farqli ravishta yoshi katta auditoriya bilan ishlash ko‘nikmasi, fasilitatorlik mahorati, kichik guruhlarda dars o‘tish mahorati, fedbek berish, o‘qituvchilik va trenerlik tamoyillari,  ijobiy muhit yaratish ko‘nikmalari bo‘yicha dars oldilar. Ular 1 haftalik amaliy mashg‘ulotlardan o‘tib, mahoratlarini oshirishgach, o‘z maktabiga borib, o‘qituvchilarga trening o‘tishi ko‘zda tutilgan. 
Ma'lumot o‘rnida, mazkur haftalikning o‘ziga xos jihati shundan iboratki, avval bu kabi treninglar faqat ingliz tili o‘qituvchilari uchun o‘tkazilgan bo‘lsa, bu gal barcha fan o‘qituvchilari uchun mo‘ljallangan. Trening mashg‘ulotlari 7-12-fevral kunlari bo‘lib o‘tadi.