2022-yil davomida Agentlik va tizimidagi ta'lim muassasalari faoliyati sarhisobiga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi

Yana bir yangi yil ostonasida turarkanmiz, 2022-yilda Agentlik jamoasi bilan birgalikda amalga oshirgan eng katta loyihalarimiz, asosiy faoliyatimizning tahlili bilan o‘rtoqlashmoqchiman.

Avvalo shuni taʼkidlab o‘tish joiz: 2022-yil Prezident taʼlim muassasalari agentligi uchun tom maʼnoda omadli keldi. Maktablarimiz safi kengaydi, ko‘plab yangi loyihalarni amalga oshirdik.  Yil quvonchli voqealarga boy bo‘ldi.

Joriy yilning 4-8 yanvar kunlari Prezident taʼlim muassasalari agentligi,  “Zamin” Xalqaro jamoat fondi va “Digital Generation Uzbekistan” NNT bilan hamkorlikda “Raqamli avlod” IT oromgohi tashkil etildi.

Unda onlayn formatda Respublikaning barcha hududlaridan va xorijdan 3150 nafardan ortiq talaba ishtirok etdi. Mehribonlik uylaridan 12 nafar talaba, 12 nafar eshitish qobiliyati zaif o‘quvchilar va 76 nafar ishtirokchi esa IT oromgohimizda offlayn formatda qatnashishdi.

Oromgoh doirasida dasturlash (Python, Java Script, Django, .NET), Grafik dizayn, Digital media/Marketing, Robototexnika kabi yo‘nalishlar bo‘yicha darslar tashkil etildi.

Shuni taʼkidlab o‘tish lozimki, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mazkur IT oromgoh tadbiri muntazam ravishda tashkil etib kelinmoqda. Ular doirasida axborot texnologiyalari sohasiga qiziquvchi yoshlar, shu jumladan zaif eshituvchi yoshlar va Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari ham qamrab olinmoqda.

Shu o‘rinda “Raqamli avlod qizlari” loyihasini ham alohida taʼkidalb o‘tish joiz. Yildan yilga bu sohaga qiziquvchi yoshlar soni ortib bormoqda. Jumladan, “Raqamli avlod qizlari 2022” tadbirida bu yil Respublikaning barcha hududlaridan 1500 dan ortiq qizlar onlayn, 60 nafar qizlar esa offlayn ishtirok etishdi.

Joriy yilda pedagoglar malakasini oshirishga qaratilgan:

1.            “Zamonaviy trener dasturi” haftaligi,

2.            Nottingem Trent universiteti (Angliya) bilan hamkorlikda ingliz tili o‘qituvchilari uchun  seminar-trening,

3.            UNESCO tashkiloti bilan hamkorlikda “Innovatsion pedagogika” hamda

4.            yaqinda Agentligimiz tizimidagi maktablarning Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari hamda psixologlar uchun “Uchinchi Renessans - maʼrifatli jamiyat sari” mavzusidagi seminar-treninglar tashkil etildi.

Bundan tashqari, Prezident taʼlim muassasalari agentligi tomonidan kadlarni malakasini oshirish maqsadida Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalarining kutubxonachilari, Prezident maktablari direktorlari, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari va psixologlari, jamoatchilik bilan ishlashga masʼullar uchun hamda pedagog-kadrlar uchun muntazam ravishda seminar-treninglar tashkil etib kelinmoqda.

Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi taʼlim muassasalarida STEM fanlari bo‘yicha Agentlik olimpiadasi tashkil etildi.

Joriy yilning 11-13 mart Prezident taʼlim muassasalari agentligi delegatsiyasi Dubayda bo‘lib o‘tgan TESOL Arabia 26-konferensiyasida o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etishdi.

Ushbu konferensiya “Til o‘rgatishda translingvizm va ko‘p tillilik” mavzusiga bag‘ishlangan.

Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi o‘quvchilar “Diplomacy Education” dasturi doirasida Italiyada bo‘lishdi.

Mazkur loyiha Prezident taʼlim muassasalari agentligi, O‘zbekiston Respublikasining Italiyadagi elchixonasi va Italiyaning “Global Action” tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda Agentlik tizimidagi maktablarning 9-10-sinf o‘quvchilari ishtirok etishdi.

2021-2022 o‘quv yilining yakunlariga ko‘ra Agentlik tizimidagi 14 ta Prezident maktabini 92 nafar, 9 ta ijod maktabini 138 nafar va 3 ta tayanch ixtisoslashtirilgan maktabni 170 nafar o‘quvchimiz muvaffaqiyat bilan yakunladi. Bugungi kunda 100 foiz bitiruvchilarimiz oliy taʼlim bilan qamrab olindi. Bu ham barchamiz uchun quvonarli ko‘rsatkich.

Joriy yilda Agentligimiz safi yana-da kengaydi: 2022 yil 14 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida” gi PF-106-son Farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Agentligimiz tizimida jami 193 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarning tashkil etilishi belgilandi. 168 ta ixtisoslashtirilgan maktablar joriy o‘quv yilida ochilib, aniq va tabiiy fanlarga qiziquvchi iqtidorli o‘quvchilar saralab olindi. Bu ham faxr va ulkan masʼuliyat demakdir.

Qabul jarayonlari shaffof va adolatli tarzda tashkil etildi. Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga hamda “Yangi O‘zbekiston” universitetiga talabgorlarning hujjatlari onlayn platforma orqali qabul qilindi, saralandi. Bu ishlarning barchasi bugun kun talabiga javob beradigan, xalqimizga yengillik tug‘dirilgan holda – onlayn shaklda – ariza.piima.uz sayti orqali amalga oshirildi.

Shuningdek, Agentlik tomonidan Prezident maktablariga kirish imtihonlarining 2-bosqichidan o‘tolmagan talabgorlarga o‘zlari taʼlim oladigan hududda tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktablardan biriga o‘qish uchun ariza topshirish imkoniyati yaratildi.

Bunda ular kvotaning 50 foizi doirasida ballar ketma-ketligi asosida imtihonsiz mazkur ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilindi.

Mazkur yangi tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktablarga pedagog-kadrlarni ham saralab olish maqsadida Agentlik tomonidan tanlov eʼlon qilindi.

O‘qituvchilar 3 bosqichli saralash asosida (hujjatlar qabuli, test va suhbat) ishga qabul qilindi. 1-bosqich -  hujjatlar qabuli joriy yilning 20 aprelidan 20 mayiga qadar job.piima.uz sayti orqali onlayn amalga oshirildi.

Shuningdek, ijod maktabi o‘quvchilarining ijodiy ishlari to‘plam sifatida muntazam tarzda chop etilib, jamoatchilikka taqdim etilmoqda. Bundan tashqari, ijod maktablarining  iqtidorli o‘quvchilari ishtirokida multfilmlar yaratilmoqda.

Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi 14 ta Prezident maktabi A-level imtihonlarini o‘tkazuvchi rasmiy markaz sifatida tan olindi.

Maʼlumot o‘rnida, A-level sertifikati 1750dan ortiq xorijiy OTMlar tomonidan tan olinadi.

Agentlik tomonidan tizimdagi barcha ixtisoslashtirilgan va ijod maktablarida summativ baholash tizimi amaliyotga tatbiq etildi.

Mazkur tizimning o‘ziga xos tomoni unda baholash tizimida inson omilining minimallashtirilgani hisoblanadi.

O‘quvchilarning intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish, Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi maktablardagi o‘qitish tizimi bilan keng jamoatchilikni tanishtirib borish yuzasidan Agentlik tomonidan MTRK bilan hamkorlikda “Oltin fondimiz”, “Bilim doirasida”, “Sport va taʼlim” ko‘rsatuvlari yo‘lga qo‘yildi.

Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi “Yangi O‘zbekiston” universiteti delegatsiyasi AQSHda bo‘ldi. Uchrashuvlar doirasida “Yangi O‘zbekiston” universiteti delegatsiyasi bir qator ilmiy markazlar, xususan Massachusets texnologiya institutining  laboratoriyalar va eksperiment jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

 Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi maktablar o‘quvchilari joriy yilning 23 aprelida bo‘lib o‘tgan “Xalqaro tinchlik noni festivali” (Turkiya) da ishtirok etishdi.

Joriy yilning 9-16 may kunlari Agentlik tomonidan 56-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi tashkil etildi.

Unda dunyoning 16 ta mamlakati ishtirok etdi. Olimpiada yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin, 4 ta kumush va 5 ta bronza medalini ko‘lga kiritishdi.

Joriy yilning 22-25 may kunlari Agentlik delegatsiyasi Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tgan Butunjahon taʼlim forumida ishtirok etdi.

Forum doirasida bir nechta xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Xususan, Agentlik delegatsiyasi doimiy hamkori Cambridge Assessment International Education, Times Higher Education va British Council tashkilotlari vakillari bilan ham uchrashishdi va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.

Prezident maktablari Universitetlar kengashi tashkilotining aʼzoligiga qabul qilindi.

Mazkur aʼzolik maktablarga Kengash axborot-resurs manbalaridan foydalanish imkonini beradi.

Shuningdek, Agentligimiz tizimidagi Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shaharlaridagi Prezident maktablari CIS (Xalqaro maktablar kengashi) aʼzoligiga qabul qilindi.

Xalqaro maktablar kengashi aʼzosi bo‘lish taʼlim muassasasining xalqaro darajada tan olinganligini bildiribgina qolmay, ushbu maktablarda o‘qiydigan o‘quvchilarning chet eldagi TOP universitetlarda to‘liq grant yutish imkoniyatini oshiradi.

Joriy yilning 4-9 noyabr kunlari “Zamin” Xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda inklyuziv “Eko IT oromgoh” tashkil etildi. Unda Respublikaning turli maktablaridan 200 ga yaqin bolalar ishtirok etishdi.

Oromgoh doirasida “Aqlli issiqxona”, “Aqlli jo‘mrak” kabi loyihalar tayyorlanib, taqdim etildi.

21-26 noyabr kunlari Digital Generation Uzbekistan NNT va Google kompaniyasi bilan hamkorlikda “Raqamli avlod IT haftaligi” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Haftalik doirasida “Robo Sumo”, “Robo labirint”, “Robo Futbol”, “DG Contest” (sport dasturlash chempionati) bo‘yicha respublika miqyosidagi turnirlar bo‘lib o‘tdi.

Unda 10 dan ortiq xorijiy IT-kompaniyalar (Google, Uber, Yandex, Microsoft, EPAM, iTechArt, Alif), mamlakatimizning IT universitetlari va kompaniyalari ishtirok etdi, 10 ta xorijiy mutaxassislar va 20 nafar mahalliy yuqori malakali mutaxassislar so‘zga chiqdi.

Tadbirda jami 2500 nafar ishtirokchi qatnashdi, shuningdek, 1500 nafardan ortiq onlayn tarzda ishtirok etdi. Eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalarning (inklyuziv) ishtirok etishi uchun maxsus sharoitlar yaratib berildi.

Shuningdek, joriy yilning noyabr oyida Agentlik tizimidagi maktablarda tahsil oluvchi 3 nafar o‘quvchimiz Yaponiyaning “Sakura Science High School Program” ( SSHP)” dasturida ishtirok etishdi.

Mazkur dasturdan ko‘zlangan maqsad yuqori sinf o‘quvchisi bo‘lgan xorijiy mamlakatlar fuqarolarini Yaponiyaning fan va texnologik yutuqlari, kunchiqar mamlakat madaniyati va jamiyati bilan yaqindan tanishtirishdir.

Bundan tashqari:

Agentlik tomonidan aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablar uchun informatika, matematika, fizika fanlaridan, tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablar uchun kimyo, biologiya fanlaridan, ijod maktablari uchun ona tili, adabiyot hamda barcha maktablarimiz uchun chet tili va O‘zbekiston tarixi kabi jami 9 ta taʼlim dasturi ishlab chiqildi. 

2021-2022  o‘quv yilida Prezident taʼlim muassasalari agentligi tomonidan 7-, 8- va 11-sinf Adabiyot (1-qism) va 7-sinf Matnshunoslik darsliklari ishlab chiqildi hamda Agentlik tizimidagi ijod maktablarida tajriba-sinov tariqasida joriy etildi.

Bugungi kunda yana 4 ta darsligimiz, jumladan, 9-sinf Adabiyot, 11-sinf Adabiyot (2-qism), 5-sinf Matematika va Matnshunoslik alifbosi uchun mashq daftarlari nashrga tayyor holatda.  

Shuningdek, 10-sinf Adabiyot, 7-sinf Ona tili, 5-sinf
Matematika (2-qism), 5-sinf Informatika va AKT, 7-sinf O‘zbekiston tarixi darsliklarini ishlab chiqish jarayonlari nihoyasiga yetish arafasida turibdi.

Bundan tashqari biz Cambridge Assessment International Education (Angliya) tashkiloti bilan fizika va biologiya fanlaridan o‘quv-metodik adabiyotlarini mahalliylashtirish ustida ish olib bormoqdamiz. Bu loyihaga hozirda 40 nafarga yaqin mutaxassislar jalb etilgan. Darsliklarni tarjima qilish va mahalliylashtirish jarayonlari Kembrij tashkiloti bilan bevosita birgalikda amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Prezident taʼlim muassasalari agentligi xalqaro SAT imtihonlarini o‘tkazish vakolatiga ega bo‘ldi.

 

Hilola Umarova,

Prezident taʼlim muassasalari agentligi direktori