“O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishonlarining topshirilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

Bugun, 30-avgust kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktabida  O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi arafasida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi esdalik nishonini topshirilishiga bag'ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ma'lumot o'rnida, Agentlik va tizimidagi xodimlarning 70 nafari “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi. Shundan 11 nafarini Agentlik xodimlari, 13 nafarini Agentlik tasarrufidagi Prezident maktablari o'qituvchilari, 40 nafarini ijod maktablari va 6 nafarini esa ixtisoslashtirilgan maktab o'qituvchilari tashkil etadi.

Tadbirda Agentlik rahbari Hilola Umarova so'zga chiqib, o'tgan vaqt davomida Agentlik tomonidan erishilgan yutuqlar haqida to'xtalib o'tdi:

"Shu o‘rinda sohada keyingi vaqtda amalga oshirilayotgan va erishilgan yutuqlarga to‘xtalib oʼtsak. Birinchi qaldirg‘ochlarimiz bo‘lgan Prezident maktablari bitiruvchilarining 100 foizi, ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilarining 64 foizi, ijod maktablari bitiruvchilarining 29 foizi muddatidan oldin xorijiy oliy ta'lim muassasalari va ularning respublikadagi filiallari talabalari bo‘lishdi;

Tasarrufimizdagi ta'lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning ingliz tilini bilish darajasi o‘rtacha B2 darajaga ko‘tarildi;
197 nafar o‘quvchi IELTS sertifikatiga, 39 nafar o‘quvchi SAT sertifikatiga ega bo‘ldi;

Bugungi kunda agentlik tasarrufidagi maktablar o‘quvchilaridan iborat bo‘lgan olimpiada zaxiralari bazasi shakllantirilgan bo‘lib, ushbu o‘quvchilar maxalliy va xalqaro fan olimpiadalarida munosib ishtirok etib kelmoqdalar.  Jumladan, 138 nafar o‘quvchilar xalqaro fan olimpiadalarida ishtirok etib,53 nafar o‘quvchi 1-o‘rin, 42 nafar o‘quvchi 2-o‘rin, 43 nafar o‘quvchi 3-o‘rinni egallagan bo‘lsa 2 nafar o‘quvchi sovrindorlar safidan joy oldi;

Joriy yilning 20-26 aprel kunlari 28 ta davlat o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan 55-Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasida 3 nafar o‘quvchimiz ishtirok etib, 3 nafari ham medal sohibi bo‘ldi.

Yaponiya davlatida bo‘lib o‘tgan 53-Xalqaro kimyo olimpiadasi (53-IChO)da 2 nafar o‘quvchimiz terma jamoa a'zosi sifatida ishtirok etib, 2- va 3-o‘rinlarni, Singapur davlatida bo‘lib o‘tgan 33-Xalqaro informatika olimpiadasi (33-IOI)da O‘zbekiston terma jamoasi sifatida ishtirok etgan 2 nafar o‘quvchimiz ham 2- va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.

2021-2022 o‘quv yiliga ijod maktablarining 7-sinflari uchun Adabiyot, Matnshunoslik alifbosi hamda 11-sinflar uchun Adabiyot darsliklari tayyorlandi va kelgusida Agentlik tizimida yaratilgan adabiyotlar Xalq ta'limi tizimidagi maktablarda ham ommalashtiriladi; 
Prezident maktablari bitiruvchilari tomonidan dunyoning eng nufuzli TOP 300 taligiga kiruvchi universitetlardan 16 587 000 AQSh dollari miqdorida grantlarni qo‘lga kiritdi.

Mazkur dastur 2021-2022 o‘quv yilidan Agentlik tasarrufidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda ham tajriba sinovdan o‘tkaziladi.
“Yangi O‘zbekiston” universitetiga tamal toshi qo‘yib, qabul jarayonlari boshlandi;

Qator loyihalar, jumladan, xalqaro hamkorlik loyihalari amalga oshirilmoqda. Bu yilning o‘zida 14 ta Prezident maktablarining ochilishi, “Yangi O‘zbekiston” universitetiga qabul jarayonlarini boshlanishi, 2025-yilgacha yana 10 ta ixtisoslashtirilgan maktablarni ochish, ijod maktablarimizni moddiy texnik bazasini yanada kuchaytirish rejalashtirilmoqda.

Prezidentimizning bizlarga ko‘rsatgan yana bir e'tibori sifatida davlatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan Agentligimiz markaziy apparati va tizimdagi maktablarimizning o‘qituvchilari Mustaqillikning 30 yilligi esdalik nishoni bilan taqdirlandilar.
Men fursatdan foydalanib, barchangizni yana bir bor davlatimiz mustaqilligining 30 yilligi bilan tabriklayman, yurtimiz tinch,  osmonimiz musaffo bo‘lsin!"