BO‘lG‘USI  KIMYOGARLAR BAHSI O‘ZBEKISTONDA

Kimyo bo‘yicha maktab o‘quvchilari uchun Xalqaro Mеndеlеyev olimpiadasi – yuqori sinf o‘quvchilarining dunyodagi eng katta bеllashuvlaridan biri bo‘lib, turli davlatlar milliy olimpiadalari g‘oliblarini birlashtiradi. Ushbu olimpiada UNESCO tomonidan kimyo bo‘yicha maktab o‘quvchilari uchun xalqaro olimpiadaga tеnglashtirilgan yagona fan olimpiadasidir.

Navbatdagi Xalqaro Mendeleyev  olimpiadasining bizning yurtimizda o’tkazilishi  mamalakatimiz tarixida katta voqea bo’ldi, desak adashmaymiz.  Azaldan  ma’rifatga beshik bo‘lgan, benazir allomalarni yetishtirib chiqargan qutlug‘ zaminimiz bugun shunday ko‘plab bo‘lg‘usi ahli ilmni o‘z bag‘rida birlashtirdi.  Bizning bugungi avlodlarimiz Markaziy Osiyodan, xususan yurtimiz bag‘ridan tuproqni ma’danga aylantira oladigan, ilm-u zakovat ziyosi  butun dunyoni yorita oladigan alomalarning munosib vorislaridir.

Ilm chegara va to‘siqlarga amal qilmaydigan  hodisadir.  Sharq  va G‘arbning  qarashlari  turlicha bo‘sa ham, ilm borasida  uchrashish  nuqtasi  bittadir. Ilmning  xokisor  va siyosatdan yiroqligi  esa  bu  olimpiadada o‘z ifodasini  topmoqda.  Ilm –tinchlik va do‘stlik  ko‘prigidir. Olimpiadadagi yutuqlar hajmining ko‘pligi esa yaxshilik yo‘lidagi  har bir  qadalgan urug‘ning  nishon berishiga ishoradir.

15 yil ichida  O‘zbekiston  Kimyo  olimpiadasining   kuchli  jamoalaridan  biriga aylandi.  Yildan yilga  g‘oliblari  bilan dunyoni  lol qoldirgan  ishtirokchilarimiz bu safar bobolarimiz an’analarini davom ettirgan holda   o‘z do‘stlarini  ona yurtimizga taklif qilishdi.  Buyuk ipak  yo‘llarida  ushrashgan  ajdodlar  ruhini  shod  etib, mehmonlar  Toshkent-u  Samarqanddagi qutlug‘ qadamjolarni ham ziyorat qildilar.

Uchinchi renessans poydevorini qo‘yishda tashabbus ko‘rsatayotgan Prеzidеnt ta’lim muassasasalari agеntligi tomonidan tashkil etilgan ushbu xalqaro olimpiadaga 16 davlat: Avstriya, BAA, Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Vеngriya, Xorvatiya, Suriya, Qirg‘iziston, Bеlarus, Qozog‘iston, Tojikiston, Isroil, Ozarbayjon, Armaniston, O‘zbekiston vakillari  tashrif buyurishdi.

Xalqaro Mеndеlеyеv olimpiadasi 1948-yilda tashkil etilgan bo‘lib, dunyodagi eng yoshi ulug‘ va nufuzli olimpiada hisoblanadi. Olimpiada har yili turli  davlatlarda o‘tkaziladi.

O‘zbеkiston ushbu olimpiadada 2008-yildan boshlab ishtirok etib kеlmoqda.

56-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida O‘zbеkiston tеrma jamoasidan  12 nafar o‘quvchi qatnashmoqda. Ularning 7 nafari Agеntlik tizimidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilaridir.

3 bosqichdan iborat bo‘lgan olimpiada barcha mamlakatlardan kelgan eng kuchli bilimga ega o‘quvchilar qatorida mamalakatimiz sha’nini himoya qilayotgan o‘quvchilarimizning borligi bizni quvontiradi.

Olimpiadaning ikki nazariy bosqichi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabida o‘tkazilgan bo‘lsa, uchinchi – amaliy (tajriba o‘tkazish) bosqichi agentlik tizimidagi  Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda bo‘lib o‘tdi.

Olimpiadaning yuqori darajada tashkil etilgani, shaffoflik hamda xolislik asosida o‘tayotgani mutaxassislar va mehmonlar tomonidan e’tirof etilmoqda.
 

Hilola Umarova, Prezident taʼlim muassasalari agentligi direktori – Yurtimizda yoshlarga sifatli taʼlim berishga eʼtibor yuqori. Davlatimiz rahbari bejizga “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” deb aytmaganlar. Bu maktab taʼlimining ahamiyatiga berilgan yuqori bahodir. Mendeleyev olimpiadasi O‘zbekistonda o‘tkazilayotganidan va offlayn shaklga qaytganidan xursandmiz. Olimpiada tarixiga nazar tashlasak, O‘zbekiston bu nufuzli olimpiada eng ko‘p o‘tkaziladigan davlatlardan biri ekanligini ko‘rishimiz mumkin. O‘zbekiston – buyuk allomalar yurti. Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, al Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek kabi ulug‘ bobokalonlarimiz jahon ilm-fani rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan. Keyingi avlodga ularning meroslari dasturilamal bo‘lib kelmoqda. O‘zbekistonlik yoshlarning bugungi kunda turli xalqaro intellektual musobaqalarda, fan olimpiadalarida erishayotgan yutuqlari buning isbotidir. Misol uchun, so‘nggi 5 yilda O‘zbekiston yoshlari nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib, 88 ta medalni qo‘lga kiritishgan.

Valentin Nenaydenko, 56-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasi raisi – Bu olimpiadaning eng yaxshi ochilishi bo‘ldi. Sababi O‘zbekiston mehmondo‘st xalq. O‘zbekiston Prezidenti taʼlimga jiddiy eʼtibor bermoqda. O‘zbekiston olimpiadaga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan. O‘zbekiston jamoasiga ham omad tilayman, ular eng yaxshi natijalarni ko‘rsatishiga ishonaman.

Vladimir Torin, “YevroXim” mineral kimyo kompaniyasi boshlig‘i – Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi 1997 yildan buyon maktab o‘quvchilari uchun Kimyo bo‘yicha Butunittifoq olimpiadasi raqamlashtirishni saqlab qolgan. 2004 yildan boshlab xalqaro Mendeleyev olimpiadasida MDH va boltiqbo‘yi mamlakatlarining maktab o‘quvchilaridan tashqari Bolgariya, Makedoniya va Ruminiya terma jamoalari ishtirok eta boshlashdi. 2012 yildan boshlab Vengriya, Turkiya va Saudiya Arabistoni ham olimpiadada ishtirok etishdi. 2016 yilda olimpiadada ilk bor Isroil, Mo‘g‘iliston va Nigeriya terma jamoalari ishtirok etishdi. 2022 yilda Bangladesh birinchi marta olimpiadagi ishtirokni tasdiqladi.
 

Abdulla Almaltel, Saudiya Arabistoni qirolligi terma jamoasi ishtirokchisi – Men birinchi marta ushbu olimpiadada ishtirok etishim. Ishonchim komilki, raqib jamoalar ham biz kabi muvaffaqiyat qozonishga ko‘p tayyorlanishgan. Biz deyarli 4 yildan beri ushbu olimpiada uchun tayyorgarlik ko‘rib kelmoqdamiz. Shu vaqt ichida bizga intensiv kimyo kurslari ham o‘rgatilmoqda. Bu kurslar davomida biz kimyo fanining ko‘p jabhalarini o‘rgandik. Biz ushbu olimpiadada yaxshi natija ko‘rsatishimizga ishonamiz. BAA jamoalari ko‘p kumush va bronza medallari yutganmiz lekin afsuski oltin medal hali nasib etmadi. Ishonch bilan ayta olamanki, biz ushbu olimpiadada ko‘p medallarga ega bo‘lamiz, shu qatorda oltin medalga ham.

 

Barbaros Bolat, Turkiya – O‘zbekiston va Turkiya qardosh bilan bizning madaniyatimiz va tilimiz bir-biriga juda yaqin. Toshkent, Samarqand, Buxoro haqida ko‘p eshitganmiz, bu yerni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turganimizdan juda mamnunman.

 

Mila Grgurik, Xorvatiya terma jamoasi – Toshkent shahrining arxitekturasi menda katta taassurot qoldirdi. Taʼkidlash joiz, shaharning boy tarixga ega muzeylari va chiroyli binolarini aylanish menda katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbekistonga ilk bora kelishim va bu mamlakatni o‘zim uchun kashf qilayotganimdan mamnunman. Bu yilgi xalqaro Mendeleyev olimpiadasining Toshkent shahrida bo‘lib o‘tishini bilganimdan so‘ng, bu shahar haqida internetdan izlab ko‘rdim va tezroq bu yerga kelishga oshiqdim. 

Olimpiada jarayonlari haqida gapiradigan bo‘lsam, men bu yerda ko‘plab yangi do‘stlar bilan tanishdim. Olimpiada ham juda yaxshi tashkil etilgan, taassurotlarim cheksiz. Olimpiada davomida menda eng katta taassurot qoldirgan narsa odamlar bo‘ldi. O‘zbekistonliklar juda ham xushmuomala va mehribon.

Sherzod Shaymatov, O‘zbekiston jamoasi ishtirokchi – Xalqaro olimpiadalarga maktab davrida ustozlarim qiziqtirishgan. Olimpiadaning saralash bosqichlarida ishtirok etib, eng yuqori 12 nafar ishtirokchilar safiga qo‘shildim. Bu olimpiadada ham yaxshi natija ko‘rsatishga harakat qilaman.

Jakob Schranz, Avstriya jamoasi ishtirokchi – Toshkent kelishimizni eshitganida bu yurt haqida shunchalar taʼrifladiki, men tezroq kelish va ko‘rishni istadim. Bu yerga kelib bildimki, o‘zbek kimyogar o‘quvchilarni iqtidori yuqori darajada, bellashuv qizg‘in darajada bo‘lishiga ishonchim komil, axir sog‘lom raqobat g‘alaba qozonishga motivatsiya beradi.  

Marton Szabo, Vengriya jamoasi – Olimpiadaning ikkinchi bosqichi ham bizga manzur bo‘ldi. Bugungi masalalar ancha qiyin bo‘ldi, bundan tashqari mantiqiy fikrlashni ham talab etadi, shunga qaramasdan barchasiga to‘liq javob yozishga harakat qildim. O‘ylaymanki, natijalar ko‘ngildagidek bo‘ladi. Oltin medal bilan qaytishga ota-onamga vaʼda bergandim, so‘zimning ustidan chiqishga harakat qilishim kerak.

Andrey Lavkin, Qirg‘iziston jamoasi ishtirokchisi – Musobaqa uchun har kuni 12-13 soatlab tayyorgarlik ko‘rdik. Shu paytgacha davlatimiz hisobiga 17 medal kirgan bo‘lsa, ular orasida  hozircha oltin yo‘q. Bu yil jamoamizda 6 nafar ishtirokchi qatnashmoqda. Bu olimpiada biz uchun esda qolarli bo‘ldi. Ko‘plab do‘stlar orttirdik, O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylariga sayohat qildik. O‘zbekiston haqida ko‘plab maʼlumotlarni bilib oldim.

Valizoda Nuriddin, Tojikiston jamoasi ishtirokchisi – O‘zbekiston tarixiy yodgorliklarga boy ekan. Menga Samarqanddagi sayohatimiz yoqdi. O‘zbekiston mehmondo‘st xalq ekan, olimpiada tashkilotchilari juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rishgan.

Badyukov Vladislav, Belarus jamoasi ishtirokchisi – Olimpiada bizga yoqdi. Toshkent shahri menda yaxshi taassurot qoldirdi. Olimpiada qiyin, qiziqarli va shu bilan birga ajoyib. Olimpiada ham yuqori saviyada tashkil etilgan. Buning uchun barcha tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.


 

Mustafin Nazim, Rossiya jamoasi ishtirokchisi – Menga olimpiada jarayonlari juda yoqdi, ayniqsa organik masalalar. Barcha jamoalar jiddiy tayyorgarlik ko‘rishgan.

Ahmed Ezzeddin, Suriya jamoasi ishtirokchisi – Olimpiada biz uchun alohida tajriba maktabi bo‘ldi. Men bu yerda 100 ga yaqin kuchli raqiblar bilan kurashdim.

Armen Galstyan, Armaniston jamoasi mentori – Bu olimpiada ishtirok etayotgan yuzlab o‘quvchilar ichidan Nobel mukofoti sovrindorlari chiqishiga ishonaman. Sababi yoshlarning har biri kimyo bo‘yicha kuchli ekanini ko‘rib turibman.

Noya Dishan, Isroil jamoasi ishtirokchisi – Men ko‘plab davlatilarda bo‘lganman. Ammo bu yerning tarixiyligi va muzeylarini menda alohida taassurot qoldirdi. Aytish kerakki, Samarqandning go‘zalligini so‘z bilan taʼriflab bo‘lmaydi.

Asanali Salem, Qozog‘iston jamoasi ishtirokchisi – Olimpiada oxirgi 2 yil onlayn rejimda bo‘lib o‘tdi. offlayn bo‘lishini ancha vaqt kutdik. O‘zbekistonga kelib, bu olimpiada qatnashib ajoyib do‘stlar bilan tanishdim. Endilikda mening butun dunyo bo‘ylab ko‘plab do‘stlarim bor.

Nouf Alhammadi BAA jamoasi ishtirokchisi – O‘zbekiston tarixga boy madaniyati yuqori davlat ekanligi menda o‘zgacha taassurot qoldirdi. O‘zbekiston odamlari mehribon ekan. Men olimpiada tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Sababi, ular juda chiroyli va mukammal tashkil etishgan.

Milana Agaeva, Ozarbayjon jamoasi o'qituvchisi – Olimpiada judayam chiroyli bo‘lib otdi. O‘zbekiston menga judayam yoqdi, tarixiy joylari men uchun unutilmas taassurot bo‘ldi. Tashkillashtirish jarayonlairi ham juda yoqdi, o‘zbeklar ham bizning millatimiz kabi mehmondo‘st ekan.