Daryo.uz saytida Namangandagi Prezident maktabi haqida maqola chop etildi

Namangandagi Prezident maktabini 24 nafar ilk bitiruvchi tamomladi. Ularning barchasi chet eldagi yetakchi universitetlarga muddatidan avval qabul qilindi

Namangandagi Prezident maktabini 24 nafar ilk bitiruvchi tamomladi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda. 

Prezident maktabi Namangan shahrida 2019-yili davlat rahbarining viloyatga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqqa binoan tashkil etilgan edi. O‘shanda maktabning 5—10-sinflariga 7700 nafardan ortiq talabgordan 142 nafari tanlab olingan. Prezident maktabida o‘quv jarayoni Kembrij universiteti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv reja va dasturlar asosida ingliz tilida amalga oshirilmoqda. 2021-yil boshida mazkur maktab Cambridge Assessment International Education tashkiloti akkreditatsiyasidan o‘tib, Cambridge International School (Kebrij xalqaro maktabi) maqomiga ega bo‘ldi.

Namangan shahridagi Prezident maktabiga 8 nafar chet ellik yuqori malakali mutaxassis AQSh, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Filippin va Janubiy Afrika kabi davlatlardan tanlab olinib, dars mashg‘ulotlariga jalb qilindi. Shuningdek, 21 nafar malakali mahalliy muallim ham o‘quvchilarga saboq berdi.

— Faxr bilan aytishimiz mumkinki, ilk bitiruvchilarning barchalari dunyoning yetakchi universitetlariga muddatidan avval qabul qilindi. Jumladan, Jahongir Habibullayev top—300 ro‘yxatiga kirgan 8 ta, Shuhrat Abdusalomov esa 7 ta oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish taklifini oldi. Doniyor Erkinov AQShning Dyuk Kunshan universiteti, Rahmatilla Abdubayev esa Qatarning Jorjtaun universitetida o‘qish xarajatlari to‘liq qoplanadigan grant sohiblari bo‘ldi, — deydi maktab direktori Abdurasul Pirnazarov.

Prezident maktabi bitiruvchilarining “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirida viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.

Daryo.uz