PIIMA delegatsiyasi “Nazarboyev intellektual maktablar” ATT faoliyati bilan tanishdi

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori oʻrinbosari Amirulla Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya Qozogʻistonga tashrif buyurdi va “Nazarboyev intellektual maktablar” ATT faoliyati bilan tanishdi.

Tashrifning asosiy maqsadi “Nazarboyev intellektual maktablar” avtonom taʼlim tashkiloti (NIM) rahbariyati bilan muzokaralar oʻtkazish, NIM tizimiga kiruvchi tashkilotlar va maktablar bilan tanishish hamda ularning tajribasini oʻrganish va hamkorlik aloqalarini oʻrnatishdan iborat boʻldi.

Mazkur tashrif doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi “Nazarboyev intellektual maktablar” ATT boshqaruv raisi Kulyash Shamshidinova bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi mamlakatimizda taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tashkil etilishi va uning faoliyati boʻyicha maʼlumotlar taqdim etdi.

Qozogʻiston tomoni, oʻz oʻrnida, “Nazarboyev intellektual maktablar” ATT faoliyati va yutuqlari haqida soʻzlab berdi. Jumladan, “Nazarboyev intellektual maktablar” ATTning yangi oʻquv dasturlari va darsliklari yaratish, pedagog kadrlarni malakasini oshirish kabi masalalari muzokaralar paytida koʻrib chiqildi.

Kulyash Shamshidinova Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi bilan NIMning oʻquv dasturlarini, malaka oshirish metodologiya va dasturlarini transfer va joriy qilish hamda Agentlikning taʼlim dasturlari va darsliklarini yaratishda hamkorlik qilishga tayyorligini taʼkidladi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi hamkorlikning ilk qadami sifatida qoʻshma pedagoglar forumini oʻtkazishni taklif qildi. Mazkur tashabbus Qozogʻiston tomonidan qoʻllab-quvvatladi. Forum “Yangi dunyoning dizayni: hammasi oʻqituvchilardan boshlanadi” mavzusida tashkil etilishi kelishib olindi.

Tashrif doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi Nazarboyev intellektual fizika-matematika maktabi va Nur-Sulton xalqaro maktablarida boʻldi va ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi vakillari Nazarboyev universitetiga tashrif doirasida oliy oʻquv yurti vitse-prezidenti Kadisha Dairova bilan uchrashuv oʻtkazdi. Tomonlar hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama etdilar.