"Eco-schools Uzbekistan" loyihasi doirasida Ekologik ta’lim fondi (FEE) 7 qadam dasturining oliy mukofoti — Yashil bayroqni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

"Eco-schools Uzbekistan" loyihasi doirasida Ekologik ta’lim fondi (FEE) 7 qadam dasturining oliy mukofoti — Yashil bayroqni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

FEE vakillari tomonidan o‘tkazilgan audit natijalariga ko‘ra ekologiya sohasidagi nufuzli xalqaro mukofotga O‘zbekistonning 2 ta maktabi: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab va marosimga mezbonlik qilgan Toshkent shahri 81-sonli maktabi munosib topildi.

Taqdirlash marosimida "Zamin" fondi Vasiylik kengashi raisi, Yevropa Ittifoqi, BMT va uning tarkibiy tuzilmalarining O‘zbekistondagi vakolatxonalari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi rahbarlari ishtirok etdi.

Ziroat Mirziyoyeva eko-maktablar o‘quvchilarini Barqaror rivojlanish ramzi — Yashil bayroqni qo‘lga kiritgani bilan samimiy qutladi hamda "Mamlakatimiz bir. Sayyoramiz bir. Vazifamiz bitta — uni asrab-avaylash. Barchamiz bir bo‘lib harakat qilishimiz kerak. Bugungi faolligingizni ko‘rib, kelajagimiz ishonchli qo‘llarda ekaniga ishonaman", deb ta’kidladi.

Maktab hududida Toshkentdagi "Eco-schools Uzbekistan" loyihasida ishtirok etayotgan barcha maktablar tomonidan tayyorlangan kichik eko-ta‘lim festivali tashkil etildi. Barcha xohlovchilar efir moylari va qiyom tayyorlanishi, chiqindini saralash, energiyani tejash va suvdan oqilona foydalanishga mo‘ljallangan uskunalar yaratilishini kuzatish, issiqxonaga kirib ko‘rish, tuproqni o‘rganish bo‘yicha laboratoriya jarayoni, bolalar o‘z qo‘llari bilan tayyorlagan tuproqni boyituvchi va sug‘orishda suvni iqtisod qiluvchi biogumus bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.