Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabida “Ijod maktabi-ibrat maktabi” mavzusida anjuman tashkil etildi

Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabida “Ijod maktabi-ibrat maktabi” mavzusida anjuman tashkil etildi.

Ijodkorlar bog‘idagi Erkin Vohidov haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bilan boshlangan mazkur anjuman doirasida yig‘ilganlar Erkin Vohidov memorial muzeyiga tashrif buyurishdi.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Hilola Umarova o‘z nutqida yig‘ilganlarni tabriklab, o‘quvchi-yoshlar  kelajagiga ishonch bildirdi:

-  Bugungi kunda ta’lim tizimini isloh etishga katta e’tibor qaratilishi, buning natijasi sifatida mana shunday ijod maktablarning tashkil etilishi, albatta, hammamizga quvonch, faxr bag'ishlaydi. Adabiyotga oshno bo'lgan yoshlarimizning iste’dodlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bu kabi ta’lim dargohlarining tashkil etilishi shu bilan birga katta mas’uliyat hamdir. 
Umid qilamizki, Siz, aziz o'quvchilar, mahoratli ustozlaringiz ko'magida xalqimiz, hukumatimiz, qolaversa, shaxsan hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ishonchini, qaratilayotgan yuksak e’tiborni oqlab, kelajakda vatanparvar shaxs, iqtidorli yozuvchi, shoir, tarjimon, yetuk mutaxassislar bo'lib yetishasiz va Vatanimiz nomini dunyoga yoyishda o'zingizning munosib hissangizni qo‘shasiz.  
Olib borilayotgan ishlar ,albatta, o'z samarasini beradi va jamiyatning farovon kelajak hayoti uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Farg‘ona viloyati hokimi  Xayrullo Bozorov ham so‘zga chiqib amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar uchun minnatdorchiligini bildirib o‘tdi:

-  Agar hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib, mana shunday e’tibor va g‘ayrat bilan harakat qilsak, viloyat hokimlari ham ma’nan, ham moddiy qo‘llab-quvvatlab turishsa, Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi albatta ta’minlanadi va biz bu harakatlarimiz bilan Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yamiz.
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi rahbari Hilola Umarovaga alohida minnatdorchilik bildiraman. 
Ishonamanki, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan maktablarda tahsil olgan yoshlar kelajagimiz poydevoriga aylanadi.

Anjuman davomida o‘quvchilar 7 tilda-qoraqalpoq, qirg‘iz, qozoq, turk, tojik, ingliz va arab tillarida Erkin Vohidov ijodidan o‘zlari tarjima qilgan she’rlarni o‘qishdi. Shuningdek,  yozuvchining “Oltin devor” spektaklidan parcha ijro etishdi.