Iqtidorli yoshlar, Yangi O'zbekiston universiteti sizni kutmoqda!


Iqtidorli yoshlar, Yangi O'zbekiston universiteti sizni kutmoqda!

Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqimiz, avvalo, yoshlarimizning talab va istaklarini hisobga olib hamda mamlakatimizning oliy ta'lim sohasidagi kadrlar tayyorlash salohiyatini oshirish, yoshlar uchun yanada keng imkoniyat va sharoitlar yaratish maqsadida Toshkent shahrida Yangi O'zbekiston universiteti tashkil etilganidan xabaringiz bor.

Ushbu universitetda iqtidorli talabalarning ta'lim olishini qo'llab-quvvatlash uchun davlat grantlari tatbiq etiladi. 


Davlat grantlari kimlarga tatbiq etiladi?

  • Xalqaro darajadagi tegishli dasturlar (International Baccalaureate, Advanced Placement, International Advanced Levels) diplomi yoki sertifikatiga ega Prezident maktablari bitiruvchilariga;
  • Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o'tgan Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO), Xalqaro fizika olimpiadasi (IPhO), Xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO), Xalqaro  biologiya olimpiadasi (IBO), Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) g'oliblariga;
  • Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o'tgan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan oilalar farzandlariga;
  • Agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun ajratiladigan qabul parametrlariga muvofiq kirish imtihonlari asosida ushbu maktablar bitiruvchilariga;
  • Universitetga kirish imtihonlarida yuqori ball to'plagan O'zbekiston Respublikasi fuqarolariga.

Universitetda ta'lim jarayoni 2021/2022 o'quv yilidan boshlanadi hamda davlat va ingliz tillarida, kredit-modul tizimi asosida olib boriladi.

Hujjatlar, fakultetlar va to'lov-kontrakt haqida tasdiqlangan ma'lumotlar Agentlik veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e'lon qilinadi.

Malakali xorijiy va mahalliy pedagoglardan  eng ilg'or metodikalar asosida ilm olishni istagan, o'z iqtidori va bilimiga ishongan O'zbekiston yoshlari, sizlarni Yangi O'zbekiston universiteti kutmoqda!

Yangi O'zbekiston universitetiga 2021/2022 o'quv yili uchun arizalar qabuli  joriy yilning 15-iyulidan 31- iyuliga qadar ONLAYN shaklda newuzbekistanuniversity.uz sayti orqali amalga oshiriladi.

Yangi O'zbekiston universiteti Myunxen Texnika Universiteti (TUM International GmbH) bilan hamkorlik qiladi, Massachusets Texnologiya Instituti (J-WELL Abdul Latif Jameel World Education Lab) bilan o'quv dasturlari ishlab chiqish, almashish va malaka oshirish doiralari bo'yicha, hamda Kembrij universiteti (Cambridge Assessment International Education) bilan kirish imtihonlarini ishlab chiqish bo'yicha hamkorlik olib boradi.