"Men zaif eshitaman, kelajakda nima ish qilaman, qanday kasb egasi bo‘laman deb ko‘p o‘ylardim..."

Prezident taʼlim muassasalari agentligi Digital Generation Uzbekistan NNM bilan hamkorlikda ”Raqamli avlod” o‘quv-tadqiqot inklyuziv laboratoriyasi tashkil etilganidan xabaringiz bor. 

Men 106- Zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab internatini bitirganman. Men zaif eshitaman, kelajakda nima ish qilaman, qanday kasb egasi bo‘laman deb ko‘p o‘ylar edim. IT sohasiga qiziqqanim uchun, "Raqamli avlod" tashkilotiga avval o‘qishga keldim. O‘qishdan keyin meni ishga qabul qilishdi. 

Menga mentorlar Robototexnika, Raqamli dizayn hamda dasturlash yo‘nalishlarini  o‘rgatishdi. Hozirda "Raqamli avlod" o‘quv-tadqiqoti laboratoriyasida Raqamli dizayn yo‘nalishida mentorga yordamchi bo‘lib ishlayapman. 

O‘zimga o‘xshagan zaif eshituvchi o‘quvchilarga Raqamli dizayn yo‘nalishini o‘rgatyapmiz. Ular juda ham qiziqib o‘qishyapti. Ayni kunlarda turli xil rasmlarni elektron variantida chizishyapti. Xuddi men kabi 106- Zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab internatining yana bir bitiruvchisi Otabek Sarimsoqov ham mentor yordamchisi sifatida faoliyat olib bormoqda.  

 

Bugungi kunda ushbu o‘quv-tadqiqot inklyuziv laboratoriyasida Toshkent shahridagi 101-,102-,106- Zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab internatlari o‘quvchilari ishtirok etishmoqda. Ular Robototexnika yo‘nalishida robot mashinalar yasab, unga dastur yozib harakatlantirishni o‘rganishyapti. Yaqin kunlarda zamonaviy kasblarning boshqa turlari, jumladan media, grafik dizayn va SMM darslari ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.  

Munira Yunusova,

"Raqamli avlod" o‘quv-tadqiqoti

laboratoriyasi mentor yordamchisi.