Oʻqituvchilarning malakasini oshirish uchun yangi hamkorlik aloqalari oʻrnatildi

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) hamda Action Group (Edu-Action) NNT oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Hamkorlik doirasida taʼlim, axborot texnologiyalari, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashda tizimli ishlar hamda istiqbolli loyihalarni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Jumladan, tomonlar oʻqituvchilar malakasini oshirish, xalqaro imtihonlarni tashkil etish va oʻtkazishda hamkorlik qiladilar.

Memorandum doirasida ikki tashkilot Agentlik qoshidagi maktablarda IELTS va CAMBRIDGE ENGLISH ASSESMENT xalqaro imtihonlarini tashkil qilish, yoʻnalishlar boʻyicha malakali oʻqituvchilar va mutaxassislarni tayyorlash uchun choralar koʻradilar.

Bundan tashqari Edu-Action Agentlik maktablarini Cambridge va Oxford Universitetlarining nashrlari, McMillan va Collins tashkilotlarining oʻquv materiallari bilan taʼminlashda koʻmaklashadi.

Tomonlar xalqaro mutaxassislar va Edu-Action xodimlari ishtirokida Agentlik qoshidagi maktablar oʻquvchilari va oʻqituvchilari uchun turli taʼlim seminarlari, mahorat darslari, konferensiyalar, davra suhbatlari oʻtkazishadi hamda boshqa loyihalarni amalga oshirishadi.

Edu-Action tashkiloti PIIMA tizimiga kiruvchi maktab oʻqituvchilari uchun Cambridge English Qualifications (CELTA, TKT va TKT CLIL) xalqaro sertifikatlariga ega boʻlishlari uchun oʻquv kurslarini tashkil etishda koʻmak beradi.

Hamkorlik doirasida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi huzuridagi maktablar oʻquvchilari hamda oʻqituvchilarining chet tillari boʻyicha bilim va malakalarini oshirish rejalashtirilgan.