O‘quvchining iste’dodini yuzaga chiqaradigan ta’lim dasturlari ishlab chiqish lozim

O‘quvchining iste’dodini yuzaga chiqaradigan ta’lim dasturlari ishlab chiqish lozim

Yil yakunida Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Ilmiy-metodik kengash yig‘ilishida ixtisoslashtirilgan maktablar uchun ishlab chiqilgan matematika, fizika, informatika va axborot texnologiyalari, chet tili fanlaridan ta’lim dasturlari hamda robototexnika bo‘yicha qo‘llanmalar muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish so‘ngida ular tajriba-sinov uchun tavsiya etildi. Mazkur ta’lim dasturlari haqida batafsil ma’lumot olish uchun O‘quv jarayonini metodik ta’minlashni takomillashtirish bo‘limi mutaxassislari Komiljon Jalilov va Dilshoda Norboyevaga  murojaat qildik.

  • Mazkur dasturlarni ishlab chiqishdan ko‘zlangan asosiy maqsad nima?

D. Norboyeva:  Ma’lumki, har bir ta’lim tizimi o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlardan, o‘quvchilardan kutiladigan natijalardan kelib chiqib, o‘qitish tizimini ishlab chiqadi. Mazkur o‘qitish tizimi, albatta, mukammal ishlab chiqilgan ta’lim dasturlariga asoslanishi kerak. Agentlik tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga iqtidorli o‘quvchilar katta tanlov asosida qabul qilinadi. Tabiiyki, ularga biz beradigan bilim va ko‘nikmalar  majmui ham iqtidorli o‘quvchilarga mo‘ljallangan bo‘lishi, ularning qobiliyatlarini yanada rivojlantirishi, xalqaro standartlarga to‘liq javob berishi zarur.

K. Jalilov: Prezident maktablari tajribasiga murojaat qilsak. Bu maktablarda STEAM fanlari quyi sinflarda IGCSE dasturi, yuqori sinflarida esa A-level dasturi asosida o‘qitiladi. Yuqori sinflar A-level imtihonlarini topshiradilar. Cambridge Assessment tashkilotining Ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bosh maslahatchisi Stive King Toshkent shahridagi Prezident maktabi ilk bitiruvchilarining qisqa muddatda erishgan yutuqlari, ularning A-level bo‘yicha qayd etgan natijalari tashkilot vakillarini hayratga solganini aytgan edi. O‘quvchilarimiz – yurtimiz bolalari juda iste’dodli. Maqsad – ularning iqtidorini yuzaga chiqara oladigan ta’lim dasturlarini taklif etish, ular uchun bilimlarini oshirishga yordam beradigan qo‘llanmalar yaratishdan iborat.

Mazkur ta’lim dasturlarini ishlab chiqishda xorijiy tajribaga murojaat qilindimi? 

D. Norboyeva: Albatta, ta’lim dasturlarini ishlab chiqishda eng yaxshi milliy hamda xorijiy tajribalar, jumladan, Kembrijning IGSCE, A-Level, shuningdek, “NIS – Programme” (Nazarbaev intellektual maktablari), Common Core (AQSh) kabi xalqaro tan olingan dasturlar, International Baccalaureate, SAT kabi imthonlar, AQSh, Rossiya, Avstraliya, Belarus singari davlatlarning ta'lim dasturlari, PISA, TIMSS, PIRLS xalqaro baholash dasturlari mazmuni o‘rganildi, tahlil qilindi. Ta’lim dasturlarini ishlab chiqish jarayoniga olimlar, amaliyotchi o‘qituvchilar, xorijiy pedagog va ekspertlar jalb etilgan.

K. Jalilov: IMK qaroriga ko‘ra, 4 ta ta’lim dasturi – fizika, matematika, informatika va axborot texnologiyalari hamda chet tili fanlari bo‘yicha ta’lim dasturlari tajriba-sinov uchun tavsiya etildi. Matematika dasturi 5-11-sinflarga, fizika 5-11, qolgan fanlar esa 7-11-sinflarga mo‘ljallangan. Kelajakda mazkur dasturlar va ular asosida ishlab chiqiladigan o‘quv-metodik adabiyotlar Agentlik tizimidagi maktablar bilan chegaralanmay, xalq ta’limi tizimidagi maktablar uchun ham tavsiya etilishi ko‘zda tutilgan. 

  • Bu ta’lim dasturlarining oziga xos tomoni nimada?

K. Jalilov: Birinchidan, dasturlarning spiralsimonligi. O‘quvchilar quyi sinflarda o‘rganilgan tushunchalarni yuqori sinflarda chuqurlashtirib boradilar. Shuningdek, har bir fan bo‘yicha ta’lim dasturda mavzular kesimida kompetensiyalar aniq ko‘rsatildi, ya’ni o‘quvchi bu mavzuni o‘zlashtirgandan keyin nimalar qila olishi aniq belgilangan.

Ikkinchidan, biz ilm-fanning hozirgi yutuqlarini hisobga olish va o‘rganilayotgan nazariy tushunchalarni amaliyotga bog‘lashga diqqat qaratmoqdamiz. Masalan, fizika dasturiga tibbiyot fizikasi bilan bog‘liq yangi mavzular kiritilgan. Bu o‘quvchilarga rentgen, MSKT, MRT kabi moslamalarning ishlashi, nurlanishi, ulardan foydalanish qoidalari kabi muhim narsalarni tushunishga yordam beradi.

Uchinchidan, har bir ta’lim dasturida qanday metodik yondashuvlardan foydalanish samara berishi bo‘yicha tavsiyalar ham berildi. Baholashda formativ va summativ baholash ajratildi. Bu o‘quvchilarning ta’limdagi yutuqlarini obyektiv baholashga yordam beradi.

D. Norboyeva: Shuni alohida ta’kidlash joizki, vatanparvarlik, fuqaroviy javobgarlik, hurmat va hamkorlik, hayot davomida o‘qish, mehnatsevarlik va ijodkorlik kabi qadriyatlar ta'lim dasturimizning markazidan o‘rin olgan. Shuningdek, o‘quvchilarda fanga oid bilimlar, fanlararo bilimlar, amaliy bilimlardan tashqari 21-asr ko‘nikmalarini rivojlantirish, jumladan, tanqidiy fikrlash, kreativ fikrlash, kommunikativ ko‘nikmalar, tadqiqotchilik, muammoni yechish va qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga ustuvorlik berilgan.

 

Prezident ta’lim muassasalari agentligi Axborot xizmati