Oxiana Fellows Incubator dasturi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) oʻz tasarrufidagi maktab oʻquvchilari uchun Oxiana Fellows Incubator dasturining taqdimotini oʻtkazdi.

Oxiana Fellows Incubator dasturiga yurtdoshlarimiz Anna Rasulova va Alisher Saydalixoʻjayev tomonidan asos solingan. Dastur yoshlarimizga kelajakda yetakchi boʻlishlari uchun ularning iqtidorlari va koʻnikmalarini rivojlantirish hamda ularga xalqaro rivojlanish dasturlarida ishtirok etish uchun imkoniyat yaratishdan iboratdir.
Alisher Saydalixoʻjayevning taʼkidlashicha, dastur doirasida uning ishtirokchilari oʻzlarini anglashlari, oʻz oldilariga qoʻyilgan maqsadlarga va undan ham koʻproq natijaga erishish boʻyicha bilimlarga ega boʻladilar.

Dastur ishtirokchilarga oʻzlarini va ularning maqsadlarini anglash, oʻz ishlarini rejalashtirish va qoʻyilgan natijalariga qay tarzda erishish mumkinliklarini aniqlashga yordam beradi.
Oxiana Fellows Incubator oʻz faoliyatini joriy yilning fevral oyidan boshlaydi. Dasturda Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablarining 9-11 sinf oʻquvchilari ishtirok etishlari mumkin. Ishtirokchilar Oxiana Fellows Incubator dasturida 5 soat vaqtlarini ajratishlari lozim boʻladi. Haftada bir martda ular onlayn konferensiyada ishtirok etadilar.

- 2021-yil Oʻzbekistonda Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili deb eʼlon qilindi. Mamlakatimiz rahbari yoshlarning salohiyati va gʻoyalarini amalga oshirishda koʻmak berish boʻyicha vazifalar belgilab berdi. Men oʻylaymanki, yangi Oxiana Fellows Incubator tashabbusi bizning oʻquvchilarimizga oʻz oldilariga qoʻygan maqsadlarga erishish hamda kelajakda yaxshi odam va mutaxassis boʻlishlariga imkon beradi, - dedi Agentlik direktori Hilola Umarova.

Eslatib oʻtamiz, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi oʻz tasarrufidagi maktablar bitiruvchilarini qoʻllab-quvvatlash uchun yangi loyiha boshladi.
Loyiha agentlik ekspertlari Anna Rasulova va Alisher Saydalixoʻjayev bilan hamkorlikda ishlab chiqildi.

Ular bilan ishlab chiqilgan loyiha agentlik tasarrufidagi maktab oʻquvchilarining bilim va koʻnikmalarini rivojlantirish hamda chet elning nufuzli universitetlariga kirish boʻyicha amaliy tavsiyalar berish, xalqaro dasturlarga ularni koʻproq jalb etishga qaratilgan.

Loyiha bir nechta tarkibiy qismlardan iborat: shaxsiy rivojlanish, universitetlarga kirish boʻyicha maslahatlar, oʻquvchilarga oʻzlari qiziqqan loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashish, oʻz ustida tinmay ishlaydigan, salohiyatli yoshlarni almashinuv (exchange) dasturlariga jalb etish va boshqalar.

Loyiha yordamida yoshlarning jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga, ularning qiziqishlarini va kuchli tomonlarini aniqlashga yordam beradi. Oʻquvchilar oʻz oldilariga qoʻygan maqsadlariga erishish uchun ichki kuch topishni va shaxsiy maqsadlarni belgilashni oʻrganadilar.

Anna Rasulova ayni vaqtda San-Fransiskoda yashaydi. U oʻz ish faoliyatini Kremniy vodiysidan boshlagan. Hozirda Shopify (Kanada) kompaniyasining bosh tijorat menejeri boʻlib ishlab kelmoqda. Bungacha u 6 yildan ortiq vaqt davomida Google kompaniyasida faoliyat yuritgan va uning barcha sheriklik uchrashuvlarda va muzokaralarda kompaniyaning vakili sifatida qatnashgan. Shuningdek, u menejment boʻyicha maslahatchi va eBay/PayPal va American Express prezidentlarining korporativ strategiya ofisida ishlagan. Anna AQSHning yetakchi universitetlaridan biri boʻlgan Brown universitetida iqtisodiyot va xalqaro munosabatlar yoʻnalishi boʻyicha bakalavr bosqichini tamomlagan va the Wharton School MBA dasturlaridan birini tugatgan.

Alisher Saydalixoʻjayev Londondagi WhatsApp (Facebook tegishli kompaniya) kompaniyasida mahsulot menejeri sifatida ishlab kelmoqda. U oʻz ish faoliyatining soʻnggi 10 yilini IT sohasida WhatsApp, Zillow va Microsoft kompaniyalarida oʻtkazgan. Bungacha u Bill va Melinda Geyts jamgʻarmasida konsultant, yirik McKinsey and Company kompaniyasida maslahatchi boʻlib ishlagan. Alisher AQSHning yetakchi universitetlaridan biri boʻlgan Pomona College iqtisodiyot va amaliy matematika mutaxassisligi boʻyicha bakalavrni tugatgan.