“Oʻzbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilaman” mavzusida tadbir oʻtkazildi

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi va 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Qurolli Kuchlar davlat muzeyida “Oʻzbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilaman” mavzusida tadbir oʻtkazdi.

Tadbir oʻsib kelayotgan yosh avlodlar qalbida vatanparvarlik tuygʻularini uygʻotish, Qurolli Kuchlar faoliyatidan faxrlanish, Qurolli Kuchlarning mustaqillik yillarida qoʻlga kiritgan yutuqlarini koʻrsatish va yoshlar orasida targʻibot etish maqsadida tashkil etildi.

Mazkur tadbirda Toshkent shahar Prezident maktabi, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi, Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktab-internati, Abu Ali Ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktabi, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktabi oʻquvchilari, Mudofaa vazirligi Faxriylar Markaziy kengashi aʼzolari, Qurolli Kuchlar harbiy orkestr xizmati , Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli ishtirok etdi.

Tadbirni Qurolli Kuchlar davlat muzeyi direktori M.Nuriddinov va Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar agentligi direktori oʻrinbosari Amirullo Abdullayev ochib berdilar.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tasarrufidagi maktab oʻquvchilari hamda Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli ishtirokchilarga oʻzlarining raqslari va qoʻshiqlarini taqdim etdilar.

Tadbir yakunida Qurolli Kuchlar davlat muzeyi direktori M.Nuriddinov “Eng yaxshi tasviriy sanʼat asari” tanlovida ishtirok etgan oʻquvchilarni taqdirladi. Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar agentligi direktori oʻrinbosari Amirullo Abdullayev esa Qurolli Kuchlar faxriylariga tashakkurnoma va sovgʻalar topshirdi.