Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazining faoliyati yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 5-fevral kuni Prezident ta'lim muassasalari agentligi tomonidan Agentlik tizimidagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazining faoliyati yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Markazning maqsad va vazifalari, oldida turgan ustuvor vazifalar haqida so’z yuritildi.  

Anjuman davomida, shuningdek Markaz tomonidan pedagog kadrlar uchun 7-12-fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan “Zamonaviy trener dasturi” nomli trening mashg‘ulotlari va ularning dolzarbligi kabi masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Sherzod Yakubov, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi direktori:

-Ta’lim sohasida innovatsion g’oyalarni, ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish, pedagog kadrlar malakasini oshirishga yordam beruvchi maxsus platforma yaratish, xalqaro mutaxassislar tajribasi asosida barcha fan kesimi o‘qituvchilari uchun mahalliylashgan treninglarni tashkil etish kbi masalalar Markaz oldida turgan eng muhim vazifalardan hisoblanadi. Biz, shuningdek mahalliy trenerlar zaxirasini shakllantirish, shuningdek, faqatgina pedagog kadrlarni emas, o’quvchilarning ham mahalliy va xalqaro standartlar asosida bilim, malaka va ko’nikmalarini baholash va sertifikatlash kabi ustuvor vazifalar ustida ish olib bormoqdamiz.

Nargiza Kuchkarova, Seleksiya va pedagoglar malakasini oshirish bo‘limi boshlig‘i:

-Aytish mumkinki, markazning asosiy maqsadlardan biri – o’qituvchilarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish va olgan bilimlarini hayotda qo’llay olishlarini ta’minlashdan iborat. Buni amalga oshirish uchun esa oddiy kurslarning o’zi kamlik qiladi. Endilikda malaka oshiruvchi ustozlarning o’zlari sinfxonaga kirib boradi. Ya’ni o’qituvchiga berilgan bilimni qanday qilib sinfxonada qo’llash mumkinligi nazorat qilinadi. Taqdim etiladigan platformaga hamma kontentlar joylab boriladi. O’qituvchi videodars, vebinarlar va taqdimot ma’ruzalari bilan tanishib, olgan bilimlarini o‘z tajribasida sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ta’kidlash lozim, 21-asrda endi o‘qituvchining o‘qitishi emas, o‘quvchining o‘rganishi ko‘proq ahamiyat kasb etadi. Markaz tomonidan tashkil etilgan seminar-treninglarda esa pedagog-kadrlarga bu boprada metodik ko‘mak ko‘rsatish rejalashtirilgan.

Mazkur jarayonni samarali tashkil etish bo‘yicha Agentlik va Markaz tomonidan turli tahlil va tadqiqot ishlari amalga oshirildi. Xorijning malaka oshirish tizimlari biz uchun yagona shablon bo’la olmaydi, albatta. Biz mazkur tizimdagi eng ijobiy va samarali usullarni o’z mahalliy kontekstimizga moslagan holda amaliyotga tadbiq etamiz. Bu tizimni malaka oshirish deyishimizning o‘zi kamlik qiladi.  Chunki bu ayni paytda kasbiy rivojlantirish tizimi hamdir O‘qituvchi bu kabi kasbiy rivojlanish jarayonida o‘zi o‘rgangan metodlarni sinfxonada qo‘llab ko‘rgandan so’ng, pedagog kadr malakasining qay tarzda oshganini ko’rishimiz mumkin bo’ladi.

Gavhar Ishimova, Maktablar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i:

Mazkur kasbiy rivojlanish loyihalari xorijlk mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilmoqda. Markaz esa ushbu jarayonlarni mahalliylashtirish ustida ish olib bormoqda. Har bitta fan kesimidagi mahalliy pedagoglarni xalqaro va mahalliy talablarga javob bera oladigan pedagog-kadrlarni yetishtirishni maqsad qilgan. Shu sabab ayni paytda mazkur malaka oshirish tizimini mahalliylashtirish va o’zbek tiliga tarjima qilish ustida ish olib borilmoqda. Mazkur malaka oshirish kurslari shu paytgacha bo’lganidek faqat ingliz tili o‘qituvchilari uchun emas, endilikda Agentlik tizimidagi maktablarning barcha fan kesimidagi pedagog kadrlar uchun ham mo’ljallangan. Ta'kidlash lozim, barcha fan kesimidagi o‘qituvchilarning malakasini oshirishga ko’mak beruvchi bu kabi trening Respublikada ilk marotaba bo‘lib o‘tmoqda.

Shuningdek, Respublikadagi yuzdan ortiq ixtisoslashtirilgan maktablarning Agentlik tizimiga o‘tkazilishi bevosita Agentlik tizimida pedagog kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.

Agentlik Axborot xizmati