PIIMA o‘z tasarrufidagi maktablar bitiruvchilarini qo‘llab-quvvatlash uchun yangi loyihani ishga tushirdi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) o‘z tasarrufidagi maktablar bitiruvchilarini qo‘llab-quvvatlash uchun yangi loyiha boshladi.

Loyiha agentlik ekspertlari Anna Rasulova va Alisher Saydalixo‘jaev bilan hamkorlikda ishlab chiqildi. 

Anna Rasulova ayni vaqtda San-Fransiskoda yashaydi. U o‘z ish faoliyatini Kremniy vodiysidan boshlagan. Hozirda Shopify (Kanada) kompaniyasining bosh tijorat menejeri bo‘lib ishlab kelmoqda. Bungacha u 6 yildan ortiq vaqt davomida Google kompaniyasida faoliyat yuritgan va uning barcha sheriklik uchrashuvlarda va muzokaralarda kompaniyaning vakili sifatida qatnashgan. Shuningdek, u menejment bo‘yicha maslahatchi va eBay/PayPal va American Express prezidentlarining korporativ strategiya ofisida ishlagan. Anna AQShning yetakchi universitetlaridan biri bo‘lgan Braun (Brown) universitetida iqtisodiyot va xalqaro munosabatlar yonalishi boyicha bakalavr bosqichini tamomlagan va Wharton schoolning MBA dasturlaridan birini  tugatgan. 

Alisher Saydalixo‘jaev Londondagi WhatsApp (Facebookka tegishli kompaniya) kompaniyasida mahsulot menejeri sifatida ishlab kelmoqda. U o‘z ish faoliyatining so‘nggi 10 yilini IT sohasida WhatsApp, Zillow va Microsoft kompaniyalarida o‘tkazgan. Bungacha u Bill & Melinda Geyts jamg‘armasida consultant, yirik McKinsey and Company kompaniyasida maslahatchi bo‘lib ishlagan. Alisher AQShning yetakchi universitetlaridan biri bo‘lgan Pomona kollejida iqtisodiyot va amaliy matematika mutaxassisligi bo‘yicha bakalavrni tugatgan.    

Ular bilan ishlab chiqilgan loyiha agentlik tasarrufidagi maktab o‘quvchilarining bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish va chet elning nufuzli universitetlariga kirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berish, xalqaro dasturarga ularni ko‘proq jalb etishga qaratilgan.   

Loyiha bir nechta tarkibiy qismlardan iborat: shaxsiy rivojlanish, universitetlarga kirish bo‘yicha maslahatlar, o‘quvchilarga o‘zlari qiziqqan loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish, o‘z ustida tinmay ishlaydigan, salohiyatli yoshlarni almashinuv (exchange) dasturlariga jalb etish  va boshqalar.   

Loyiha yordamida yoshlarning jamiyatda o‘z ornini topishiga, ularning qiziqishlarini va kuchli tomonlarini aniqlashga yordam beradi. O‘quvchilar o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlariga erishish uchun ichki kuch topishni va shaxsiy maqsadlarni belgilashni o‘rganadilar.    

Taklif qilingan (yuqorida nomlari keltirilgan) mentorlar o‘quvchilarga milliy va xorijiy universitetlarga kirish uchun tavsiyalar berishadi. Bu orqali esa agentlik qoshidagi maktablarda o‘quvchilarni oliy ta’lim muassasalarga kirish ko‘rsatgichlari oshadi.   

Yana bir tarkibiy qism - xalqaro tashkilotlarning vakillari ishtirokidagi loyihalarni inkubatsiya qilish va tezlashtirishdan iborat bo‘ladi. Mentorlar maktab o‘quvchilarning ijtimoiy, ilmiy va tijorat yo‘nalishlariga taalluqli loyihalarini ishlab chiqarishda va rivojlantirishda yordam berishadi.  

Shuningdek, loyiha doirasida Andover, Milton, Cranbrook akademiyasi va boshqa xorijiy nufuzli maktablar bilan almashinuv dasturini amalga oshirish rejalashtirilyapti. Homiylarning mablag‘larini jalb qilgan holda, agentlik maktablarning o‘quvchilarini dunyoning nufuzli universitetlarida ta’lim olish masalasi ham muhokama qilinmoqda.

Alisher Saydalixo‘jaev o‘quvchilar bilan suhbatni shunday ta’rifladi: “Prezident maktabining o‘quvchilari bilan suhbatlashib, men yangi, erkin va maqsadga muvofiq avlodni - nafaqat O‘zbekistonning, balki kelajakdagi butun dunyoning rahbarlarini ko‘rdim”.    

“Men PIIMA bilan hamkorligimizdan juda mamnunman. Biz Vatanimizning ko‘zga ko‘ringan yoshlariga maqsadlariga erishishda va ularning salohiyatini to‘liq ochib berishda yordam berishni xohlaymiz. Bizning loyihamiz bolalarda o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirishga, dunyoning yetakchi kompaniyalarida qo‘llaniladigan zamonaviy o‘z-o‘zini bilish usullarini o‘rganishga yordam beradi”, - dedi Anna Rasulova.

- Bitiruvchi sinf o‘quvchilari hayotlarida muhim qadamni tashlaydilar va bu bosqichda ularga yordam kerak. Bizning yangi tashabbusimiz bitiruvchilarimizga maslahat berishga qaratilgan. Loyihada hayotda muvaffaqiyatli insonlar o‘zlarining bilimlari, g‘oyalari va tavsiyalarini bizning o‘quvchilarimiz bilan bo‘lishadilar, shu sabab hayotlarida o‘z yo‘llarini topishlari mumkin. Agentlik barcha manfaatdor tomonlarni ushbu loyihada yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashga taklif qilmoqda, deb ta’kidladi Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori, loyiha tashabbuskorlaridan biri Hilola Umarova.