PIIMA tizimida taʼlim sifatini takomillashtirishga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi

9-10-noyabr kuni Toshkent shahrida ijod maktablarida taʼlim sifatini takomillashtirishga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi.

“Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasida boshlanadi” nomli amaliy seminar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) tomonidan tashkil etildi. Unda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ijod maktabi direktorlari va ularning oʻrinbosarlari ishtirok etishdi.

PIIMA direktori Hilola Umarova seminarni ochar ekan, bunday seminarlar faqatgina tajriba almashish va malaka oshirish uchun emas, balki istiqboldagi rejalarni kelishib olish uchun xizmat qilishini taʼkidladi.

Tadbir davomida ijod maktabi direktorlari PIIMA rahbariyatiga oʻzlari rahbarlik qilayotgan maktablar faoliyati, kamchiliklari va muammolari haqida taqdimot qildilar.

Maktab rahbarlari oʻquv muassasalari yutuqlari bilan birga faoliyatlarida duch kelayotgan muammolar haqida toʻxtalib oʻtdilar. Jumladan, baʼzi maktablarda yotoqxonalarni kengaytirish, zamonaviy laboratoriyalarni yaratish, oʻquvchilar ijodini koʻllab-quvvatlash, oʻquvchilarni dars paytida turli tadbirlarga jalb qilish kabi muammolar mavjudligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari seminarda ijod maktablari direktorlari oʻquv muassasalarida taʼlim dasturini va sifatini oshirish, yangi darsliklar yaratish boʻyicha oʻz takliflarini berdilar. Seminarda maktab oʻqituvchilari va tarbiyachilarining malakasini oshirish tizimini takomillashtirish kerakligi taʼkidlandi.

Direktorlar Agentlik tizimida maktablar orasida raqobatni taʼminlash uchun fan olimpiadalarini tashkil etishni taklif etdilar. Shu bilan birga Prezidentimizning 5 ta tashabbuslarini targʻibot qilish boʻyicha fikrlar almashildi.

Hilola Umarova seminarda dars muqaddas ekanligini, dars paytida hech kim oʻqituvchi va oʻquvchilarni boshqa tadbirga jalb qilishga haqqi yoʻqligini eslatib oʻtdi.

Agentlik rahbari ijod maktablari taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha faoliyatlarini yana-da takomillashtirishlari hamda taʼlim muassasalarida oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish boʻyicha ishlarni joriy qilish kerakligini aytib oʻtdi.

PIIMA direktori agentlik tizimda fan olimpiadalari va tanlovlarini oʻtkazishni qoʻllab-quvvatladi hamda ularning gʻoliblari va oʻqituvchilarni ragʻbatlantirish tizimini joriy qilish kerakligini aytdi.

Hilola Umarova ijod maktablarining oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikni rivojlantirish hamda ularning professor va oʻqituvchilarni oʻquvchilarga dars berishga jalb qilish boʻyicha ishlari sustligini taʼkidlab oʻtdi. 

Seminar ishida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov ham ishtirok etdilar. Ular dastavval Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi qoshidagi maktablarning loyihalari bilan tanishdilar.

Ijod maktabi vakillari bilan uchrashuv davomida esa Madaniyat vazirligi, hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha masalalar muhokama qilindi.

Bundan tashqari ijod maktabi direktorlari va ularning oʻrinbosarlari darsliklarni hamda maktablarda boshqaruv tizimini takomillashtirish va boshqa mavzulardagi treninglarda ham ishtirok etdilar. Tashrif buyurgan mehmonlarga ijod maktablarining iqtidorli oʻquvchilari sheʼrlaridan iborat “Ijod bogʻidan guldasta” toʻplami taqdim etildi.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi seminar davomida bildirilgan takliflar asosida taʼlim muassasalarda taʼlim jarayonini takomillashtirishga qaratilgan yoʻl xaritasini ishlab chiqadi.

Taʼkidlash lozimki, hozirgi kunda PIIMA tizimida 4 ta Prezident, 9 ta ijod va 3 ta ixtisoslashtirilgan maktablar mavjud boʻlib, ularda 3397 nafar oʻquvchilarga yuqori malakali oʻqituvchilar tomonidan bilim berilmoqda.

2021-yilda mamlakatimizda 3 ta ijod maktabini tashkil etish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, 13 ta hududda Muhammad al-Xorazmiy va Abu Ali ibn Sino maktablarining filiallarini tashkil etish rejalashtirilgan.