Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar: malakali kadr, ilk qadam va natijalar

Xabaringiz bor, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga ishga kirish istagida bo‘lgan pedagoglar job.piima.uz sayti orqali ariza topshirishdi. 

Joriy yilning 1-iyun sanasiga qadar job.piima.uz sayti orqali qabul qilingan arizalar soni:

Prezident maktablariga - 1318 ta

Ijod maktablariga 89 ta 

ixtisoslashtirilgan maktablarga 110 ta talabgor hujjat topshirgan. 

Nomzodlarga esa quyidagicha talablar qo‘yilgan edi:

  • fan yo'nalishi bo‘yicha kamida bakalavr darajasidagi oliy pedagogik ma’lumot va kamida ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lishi;
  • ijodkorlik, fan bo‘yicha chuqur bilim va malakaga ega bo‘lishi;
  • o‘quv fanining ilmiy-nazariy asoslari, mazmuni va o‘quv jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini amaliyotda qo‘llay olishi;
  • darslarga kreativ yondashuv va novatorlik;
  • dars o‘tish metodikasi va uni tashkil etish texnikasi (innovatsion)ni bilishi;
  • xorijiy tillardan birini boshlang‘ich darajada o‘zlashtirgan bo‘lishi hamda ilg‘or xalqaro tajribadan xabardorligi;
  • yuksak axloqiy fazilatlar hamda ijtimoiy-siyosiy bilimlarga ega bo‘lishi;
  • fan olimpiadalari, ko‘rik-tanlovlar va turli musobaqalarda yutuqlarga erishganligi hamda professional tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritganligi.

job.piima.uz sayti orqali ishga kirish istagida bo‘lgan nomzodlarning saralash quyidagi bosqichlarda bo‘lib o‘tmoqdi:

  1. Veb-saytda ariza berish va hujjatlarni taqdim qilish. Hozirda tanlovning birinchi bosqichi nihoyasiga yetgan.
  2. Test sinovlari. Bunda nomzodlari o‘z fani doirasida test topshiradi. Mazkur test sinovlari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Testlar onlayn shaklda tashkil etilishi rejalashtirilgan. Testdan 50 balldan yuqori natija qayd qilgan nomzodlar 3-bosqichga yo‘llanma oladilar.
  3. Suhbat (onlayn/oflayn) – 3-bosqichda nomzodlar onlayn yoki oflayn tarzda suhbatdan o‘tadilar. Mazkur intervyuda STEM fanlaridan dars beradigan o‘qituvchilari bilan ingliz tilida suhbat o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, job.piima.uz orqali Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga ishga kirish istagida bo‘lgan nomzodlar tanlovi 1-avgustga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan. O‘qituvchilar saralab olingandan keyin avgust oyida ular bilan 4 kunlik malaka oshirish kursi yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur treninglarda xorijiy mutaxasislar bilan birgalikda mahalliy trenerlar ham faoliyat olib borishlari rejalashtirilgan. 

job.piima.uz sayti orqali Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga ishga kirish istagida bo‘lgan chet ellik o‘qituvchilar ham ariza topshirganlar. Ta’kidlab o‘tish lozim, chet ellik o‘qituvchilarni saralab olishda ham bir qator talablar mavjud. Jumladan, ularning fan doirasidagi tajribasi, Cambridge Curriculum bilan ishlay olishi, pedagogik yondashuvi hamda iste’dodli bolalar bilan ishlash amaliyoti hisobga olinadi.

Jami ariza topshirganlardan 933 tasi ikkinchi bosqich ya’ni test sinoviga qatnashish imkoniyatini qo’lga kiritdi. Fanlar kesimida hisoblaganda eng ko‘p ingliz tili fani o‘qituvchiligiga arizalar kelib tushgan bo‘lib, ulardan 270 tasi tanlab olindi. Viloyatlarbo‘yicha topshirilgan arizalardan ikkinchi bosqichga qabul qilinganlari ichida Buxoro viloyati oldingi o‘rinlarda turibdi.

Ikkinchi bosqich va natijalar xususida kelgusida alohida ma’lumot beramiz.

 

                                                                                                                                                                                                                      Agentlik axborot xizmati