Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilari matematika olimpiadasida ishtirok etishdi

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) tasarrufidagi maktablarining 160 nafar oʻquvchilari joriy yilning 15-yanvar kuni tashkil etilgan matematika fan olimpiadasida ishtirok etishdi.

Onlayn olimpiada Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Mazkur olimpiadada Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning 7- va 8-sinflarida tahsil oladigan 160 nafar oʻquvchilar ishtirok etdilar. Har bir maktabdan 10 nafardan oʻquvchi ishtirok etdi.

Onlayn olimpiada ishtirokchilar ikki soat ichida 15 ta test va 15 ta masala yechishdi. Olimpiada savollari davlat taʼlim standartlari va oʻquv dasturlari hamda xalqaro dasturlar asosida tayyorlangan.

Olimpiada hakamlar hayʼati olimpiada natijalarini 20-yanvar kuniga qadar eʼlon qilishni rejalashtirgan. Umumiy natijalarga koʻra, yuqori ballarni qoʻlga kiritgan dastlabki 18 nafar oʻquvchi al-Xorazmiy nomidagi Respublika matematika olimpiadasida toʻgʻridan-toʻgʻri ishtirok etish huquqiga ega boʻladi.

Al-Xorazmiy nomidagi Respublika matematika olimpiadasi joriy yilning fevral oyida tashkil etilishi kutilmoqda. Olimpiadaga qadar al-Xorazmiy nomidagi Respublika matematika olimpiadasi jamoasi tajribali oʻqituvchilar nazoratida olimpiadaga tayyorgarlik koʻradi.