PREZIDENT MAKTABLARI ANGLIYADA HAM EʼTIROF ETILDI

Cambridge Assessment International Education tashkilotining rasmiy veb-saytida Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident maktablari hamda iqtidorli o‘quvchilar haqida maqola chop etildi.

Maqolada Prezident maktablarining O‘zbekistonda taʼlim tizimini o‘zgartirish uchun cheksiz imkoniyatlari qayd etilgan.

Unda Samarqand, Buxoro, Guliston va Toshkent shaharlaridagi Prezident maktablari haqida so‘z yuritiladi. Shuningdek Prezident maktablariga qabul imtihonlari, kun tartibi, o‘quv dasturi va o‘quvchilarning bo‘sh vaqtida shug‘ullanadigan mashg‘ulotlari haqida fikr bildirilgan.

Bir so‘z bilan..

O‘quvchilardan o‘zi o‘qiyotgan maktabni bir so‘z bilan taʼriflash so‘ralganda “Yorqin kelajak eshiklarini ochuvchi kalit”, “Orzuga yo‘l” deya javob berishgan...

Kelajak orzulari

O’quvchilardan kelajakda kim bo’lishlari so‘ralganda “Men kelajakda elchi bo‘lishni va xorijiy mamlakatlarda Vatanimni namoyish qilishni istayman”,  “Kelajakda IT mutaxassisi bo‘lib, O‘zbekiston kelajagiga hissa qo‘shmoqchiman”,  “Men kelajakda iqtisodchi bo‘lishni va shu orqali jamiyatda katta o‘zgarishlar qilishni orzu qilaman” deb javob berishgan.

O‘zbekistonda qizlar ta’limi

Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova 2021-yilda Agentlik tomonidan tashkil etilgan “Yangi O’zbekiston ta’limi: islohotlar yo‘lida muvaffaqiyatli hamkorlik” xalqaro ta’lim forumidagi nutqida, jumladan STEM sohasida ayollarga alohida e’tibor qaratishini ma’lum qilgan.

Ayni paytda Prezident maktablarida o‘g‘il bolalar qiz bolalardan sezilarli darajada ko‘p.  Butun mamlakat bo‘yicha oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalarning atigi 37 foizini ayollar tashkil etadi.

Xususan, Toshkent Prezident maktabida 11-sinf o‘quvchisi Shahrizoda Abdurahmonova o‘quvchilar kengashida qizlarning vakili hisoblanadi va maktabda qizlarning o‘ziga xosligi va inklyuzivligini oshirishga e’tibor qaratadi.

Maqolada O‘zbekistonning buyuk tarixi, xususan, Temuriy hukmdor Mirzo Ulug‘bekning Samarqandni fan va ilm markaziga aylantirganligi va hozir ham – oradan qariyb 600 yil o‘tib O‘zbekistonning taraqqiyoti yo‘lida yana ana shunday ulkan ishlar amalga oshirayotganligi haqida so‘z yuritilgan.

Maqola bilan www.cambridge.org  saytida tanishishingiz mumkin.