Prezident maktablari Cambridge Assessment International Education akkreditatsiyasidan muvaffaqiyatli oʻtdi

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan toʻrtta Prezident maktablari oʻquvchilari mahalliy umumiy oʻrta taʼlim attestati bilan birgalikda Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda universitetga kirish imkoniyatini yaratuvchi A-level (ilgʻor oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi) sertifikatini ham oladilar.

Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi Prezident maktablari bir vaqtda Cambridge Assessment International Education tashkiloti akkreditatsiyasidan oʻtdilar va Cambridge International School (Cambridge xalqaro maktabi) maqomiga ega boʻldilar.

Cambridge International School maqomini olish Nukus, Xiva, Namangan va Toshkentdagi Prezident maktablarining oʻquv rejalari va imtihon jarayonlari Cambridge oʻquv dasturining talablari va standartlariga muvofiqligini tasdiqlaydi.

A-Level – bu Buyuk Britaniya taʼlim tizimiga oid taʼlim dasturi boʻlib, dasturni tamomlaganlar toʻliq oʻrta maʼlumot sertifikatiga ega boʻladilar. Oʻquvchilar oʻqish natijalariga koʻra imtihon topshirishadi va A-Level sertifikat olishadi. Shundan soʻng sertifikat egalari oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat dasturlarida qabul qilinishlari mumkin. A-Level imtihonlari natijalariga koʻra, universitetlarning qabul komissiyalari abituriyentning bilim va koʻnikmalarini baholaydi va oliy taʼlim muassasasiga qabul qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) va Prezident maktablari maʼmuriyati 2020-yil boshida Cambridge Assessment International Education akkreditatsiyasini olish boʻyicha tayyorgarlik koʻrishni boshlagan edilar. 

Akkreditatsiya jarayoni bir necha bosqichlarni oʻz ichiga oladi. Oxirgi bosqichda Cambridge Assessment International Education mutaxassislari taʼlim muassasasiga tashrif buyurib, akkreditatsiya toʻgʻrisida qaror qabul qilishadi. COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan britaniyalik mutaxassislar Prezident maktablariga “virtual tashrif” oʻtkazdilar va taʼlim muassasalarini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida ijobiy qaror qabul qildilar.

- Cambridge Assessment International Education akkreditatsiyasini olish Prezident maktablari oʻquvchilarining yuqori standartlarga muvofiq bilim olishlarini tasdiqlaydi. Imtihonlar natijalariga koʻra, ular bizning bitiruvchilarimizga Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlar universitetlariga kirish imkoniyatini beradigan A-Level sertifikatni olishlari bizning talabalarimiz uchun bonus boʻladi, - dedi PIIMA direktori Hilola Umarova.

Prezident maktablari, shuningdek, PIIMA tizimiga kirmaydigan taʼlim muassasalarida tahsil olmaydigan va A-Level sertifikatni qoʻlga kiritish istagida boʻlgan oʻquvchilarni ham A-Level imtihonlariga roʻyxatga oladilar va imtihonlarni oʻtkazadilar.

Shuningdek, Prezident maktablari 9-sinfni bitirgan oʻquvchilar uchun Xalqaro Oʻrta Taʼlim sertifikati (IGCSE) imtihonlarini oʻtkazish imkoniyatiga ham ega.