"Qiz bolaga taʼlim berish butun millatga taʼlim berishga teng"

Yurtimizda so‘nggi yillarda ayol-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning taʼlim olishi va bandligini taʼminlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, taʼkidlash joiz – nozik jins vakillarining davlat va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va ijtimoiy hayotdagi ulushi beqiyos.

Bugungi kunda O‘zbekistonda ayol-qizlar uchun juda ko‘plab imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Bu esa ularni o‘z ustlarida ko‘proq ishlashga, yangi marralarni zabt etishga hamda pirovardida yurtimiz ravnaqiga ko‘proq hissa ko‘shishlariga undamoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 1-mart kuni xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi hamda ularning jamiyatdagi mavqeini yana-da mustahkamlash masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor esa bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlarda yangi davrni boshlab berdi, desak yanglishmaymiz. Mazkur videoselektorda belgilab berilgan vazifalar ayol qizlarning taʼlim olishi, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish, kasb-hunar bilan taʼminlashga doir qator muhim vazifalar belgilab berildi.

Jumladan, yangi o‘quv yilidan boshlab magistraturada o‘qiydigan qizlarning shartnoma puli davlat byudjetidan qoplab berilishi, doktoranturada maqsadli kvotalarning ajratilishi taʼqidlandi. Bu ilm olish istagidagi qizlar uchun katta imkoniyatlar demakdir. Shuningdek, yosh bolasi bor talaba-ayollar uchun masofaviy o‘qish imkoniyati yaratilishi belgilandi. Ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yo‘qotgan talaba qizlarning taʼlim kontrakti esa mahalliy byudjetdan to‘lanadi.

Shuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab, taʼlim kontraktlarini to‘lash uchun qizlarga ilk marotaba 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi. Buning uchun, joriy yilda banklarga 1 trillion 800 milliard so‘m, kelgusi besh yilda 8 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Shuningdek, yig‘ilishda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Xotin-qizlar taʼlimini qo‘llab-quvvatlash dasturi ishlab chiqilishi belgilab berildi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari ayollarni ijtimoiy himoya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. 2022 yil 1 sentyabrdan xususiy sektorda rasmiy ishlayotgan ayollarga homiladorlik nafaqasini davlat tomonidan to‘lash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Bu maqsadlar uchun joriy yilda byudjetdan 200 milliard so‘m, 2023 yilda esa 1 trillion 700 milliard so‘m yo‘naltirilishi qayd etildi.

Yig‘ilishda ipoteka kreditlari bo‘yicha ajratiladigan subsidiyalarning kamida 40 foizi xotin-qizlarga yo‘naltirilishi belgilandi.

Shuni ham alohida taʼkidlash kerakki, Prezident taʼlim muassasalari agentligida ham qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Agentligimiz tomonidan “Raqamli avlod qizlari” IT tadbirini muntazam ravishda o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning 28-fevral - 4-mart kunlari “Raqamli avlod qizlari” tadbirining navbatdagisi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad axborot texnologiyalari sohasiga qiziquvchi qizlarning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirishdan iborat.

Quvonarlisi, o‘tgan yili mazkur tadbir doirasida 1000 dan ziyod arizalar kelib tushgan va 50 nafardan ortiq qizlar ishtirok etgan bo‘lsa, bu yil arizalar soni 2 000 tadan oshdi va  ular orasidan 60 nafar qizlar offlayn o‘qish uchun saralab olindi. Darslar onlayn tarzda ham tashkil etilib, mashg‘ulotlarni Respublika bo‘ylab kuzatib borishdi.

 “Raqamli avlod qizlari – 2022” IT oromgohida qizlar 5 ta yo‘nalish bo‘yicha tahsil olishdi. Zamonaviy kasblarning sir-asrorlarini o‘rganib, kelajakda ushbu sohada faoliyat olishlari uchun kerakli bilim va ko‘nikmalar berildi. Biz ularni shunchaki o‘qitib qolmay, keyingi ishlari bilan ham qiziqib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib kelmoqdamiz.

Zamonaviy sohalarni egallashga ishtiyoqmand qizlar sonining oshib borayatganligi, ularning bu maydonga dadil kirib kelayotganligi quvonarli holat, albatta.  

Yana bir misol. Hozirda Agentligimiz tizimidagi maktablarda jami 5017 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan bo‘lsa, shundan 45 foizini qizlar tashkil etadi. 2021-2022 o‘quv yilidan Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimida tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston” universiteti o‘z faoliyatini boshladi. Hozirda bu dargohda 177 nafar talaba tahsil olmoqda, ularning 43 nafari qizlardir.

Raqamlardan ko‘rishimiz mumkinki, ilmga chanqoq qizlar va ularni qo‘llab-quvvatlovchi ota-onalar soni yil sayin oshib bormoqda.

So‘zim yakunida shuni taʼkidlab o‘tishni istardim: azal-azaldan qiz bolaga taʼlim berish butun millatga taʼlim berishga tenglashtirilgan. Videoselektorda belgilab berilgan vazifalar bu yo‘nalishda katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi bilan juda dolzarb va ahamiyatlidir. Zero, ayol-qizlar uchun jamiyatda teng imkoniyatlar yaratilsa, mamlakat ham taraqqiy etadi, turmush farovonligi oshadi.

Hilola Umarova,

Prezident taʼlim muassasalari agentligi direktori