Toshkent shahridagi Prezident maktabi o‘qituvchilari mahalliy pedagoglar bilan tajriba almashdi

Toshkent shahridagi Prezident maktabi jamoasi poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 121-sonli umumtaʼlim maktabiga tashrif buyurdilar.

Toshkent shahridagi Prezident maktabining Science fani oʻqituvchisi Xeflin Jeanna Mariye va Mahfuza Chulliyeva, shuningdek, 11-sinf oʻquvchilari Rahmatjon Gaipov hamda Temurbek Sulaymonov 121-maktab oʻquvchilariga Prezident maktabi faoliyati va taʼlim muassasasi oʻquvchilarining tashabbuslari va loyihalari haqida soʻzlab berdilar. 

Xeflin Jeanna Mariye Science fanidan dars berish boʻyicha 10 yil tajribaga ega. Tashrif doirasida mahalliy mutaxassislar bilan tajriba almashish maqsadida oʻrta sinf oʻquvchilariga Science fanidan namunaviy dars tashkil etdilar.

Nafas olish tizimiga bagʻishlangan namunaviy dars jarayonida u mazkur fanni qay tarzda oʻqitish boʻyicha tushuncha berdi. Dars jarayonida bir necha interfaol metodlar va zamonaviy koʻrgazmali materiallardan foydalanildi. Oʻquvchilar dars jarayonida turli virtual laboratoriya ishlarini bajardilar. Dars soʻngida esa barcha qatnashchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Prezident maktablari yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 20-fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Qaroriga asosan tashkil etilgan boʻlib, mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni oʻqitish tizimini yaratish hamda kelgusida ularda rahbarlik va yetakchilik koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

Prezident maktablari respublikamizda taʼlim sifatini oshiruvchi oʻziga xos lokomotivga aylanishi lozim.

Oʻquv jarayoni “STEAM — taʼlim” dasturi (Science — tabiiy fanlar, Technology — texnologiyalar, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — sanʼat, Mathematics — matematika) boʻyicha olib boriladi. Bu esa iqtidorli yoshlarning fikrlash qobiliyati, iroda, ijodiy salohiyati, moslashuvchanligini rivojlantirishga imkon beradi.

Hozirgi kunda ilk Prezident maktablari Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shaharlarida faoliyat yuritmoqda. Mazkur maktablar tanlov asosida STEAM yoʻnalishi boʻyicha tajribali xorijlik oʻqituvchilar jalb qilingan.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan. Mazkur hamkorlikning muhim yoʻnalishlaridan biri mahalliy oʻquvchilarning xorij tajribasi asosida malakasini oshirishdir. Hamkorlik doirasida Prezident maktablarining xorijlik oʻqituvchilari mahalliy hamkasblari bilan uchrashmoqdalar va STEAM fanlarini oʻqitish boʻyicha metodologiyasi va tajribasi bilan oʻrtoqlashmoqdalar.