Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchisi Ksavye universitetiga qabul qilindi

Toshkent shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchisi Firdavs Abduqayumov AQSHning Ogayo shtati Sinsinatti shahrida joylashgan Ksavye universitetida tahsil olish uchun Prezident grantining sohibiga aylandi.

Prezident grantining jami miqdori 89 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Ksavye universiteti 1831-yilda tashkil etilgan boʻlib, u AQSHning yetakchi oliy taʼlim muassasalari qatoriga qiradi. Hozirgi kunda universitet Times Higher Education reytingida 330-oʻrinda.

Firdavs Abduqayumov taʼkidlashicha, mazkur universitetga hujjatlarni topshirishga tayyorgarlikni yozda boshlagan. SAT va IELTS imtihonlaridan oʻtgan va hujjatlarini universitetga topshirgan. Jami, oltita AQSH universitetiga hujjat topshirgan. Bir necha kun avval Ksavye universitetidan 89 ming AQSH dollari miqdorida Prezident granti bilan qabul qilingani toʻgʻrisida xat oldi.

- Bu men uchun kutilmagan xushxabar boʻldi. Men yetakchi universitetlardan birida taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻlganimdan xursandman. Menga tayyorgarlik koʻrishga yordam berganlarga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman.

- Toshkent shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchilari xorijdagi oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirishni boshladilar. Maktabda olgan taʼlimlari bilan ular oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishlariga aminman. Barcha oʻquvchilarimizga boʻlajak imtihonlarda omad tilayman, — dedi maktab direktori Toʻraboy Shermatov.