Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchisiga Prezident sovgʻasi topshirildi

Toshkent shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchisi Firdavs Abduqayumov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovgʻasini qabul qilib oldi.

Oʻzbekiston Prezidentining fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari boʻyicha davlat maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov 24-dekabr kuni Toshkent shahridagi Prezident maktabiga tashrif buyurdi va taʼlim muassasasining bitiruvchi sinf oʻquvchilari bilan uchrashdi.

11-sinf oʻquvchisi Firdavs Abduqayumov AQSHning ikkita nufuzli oliy taʼlim muassasalariga – Ksavye universiteti va Jon Keroll Universitetiga grant asosida qabul qilindi. Ksave universitetiga grant miqdori $89 mingni, Jon Kerol Universitetiga - $96 mingni tashkil etadi.

Davlat maslahatchisi yutuqlari eʼtirof etilgan Firdavsni yana bir bor tabriklab, unga Prezident sovgʻasi- zamonaviy kompyuterni topshirdi.

– Prezidentimiz bir necha bor mamlakatimizda Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilayotgani haqida aytib oʻtdilar. Sizlar mazkur Uchinchi Renessans davrining vakillarisiz, deb taʼkidladi Abdujabbor Abduvohidov.

Firdavs Abduqayumov Prezidentimizga sovgʻa va Prezident maktabida taʼlim olish uchun yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorchilik bildirgan holda, universitetda tahsil olganidan keyin mamlakatimizning rivojlanishiga oʻz hissasini qoʻshishini taʼkidladi. Shuni taʼkidlash lozimki, Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shahridagi Prezident maktabi 11-sinff oʻquvchilari hozirdan xorijning nufuzli universitetlariga oʻz hujjatlarini yuborganlar. Firdavs Abduqayumovdan tashqari hozirgi kunda Toshkent shahridagi Prezident maktabining oʻquvchisi Temur Sulaymonov Bruklin Long-Ayland Universitetiga $40 ming grant asosida qabul qilingan.

Namangan shahridagi Prezident maktabi oʻquvchisi Mironshoh Inomjonov Buyuk Britaniyaning Vestminster va Grinvich Universitetiga, uning sinfdoshlari Jahongir Amirxamzayev Grinvich Universitetiga, Azimjon Oʻrinov va Azimjon Alijonovlar Liverpul Universitetiga qabul qilinganlar.

Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shahridagi Prezident maktablarining qolgan 11-sinf oʻquvchilari hozirda xorij universitetlarining qabul boʻyicha qarorlarini kutmoqdalar.