“Xalqaro tashkilotlarga aʼzolik: mezonlar, talablar va istiqboldagi vazifalar” mavzusidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 18 mart kuni Prezident taʼlim muassasalari agentligi tomonidan “Xalqaro tashkilotlarga aʼzolik: mezonlar, talablar va istiqboldagi vazifalar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Prezident taʼlim muassasalari agentligi Maktablar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Gavhar Ishimova, Toshkent shahridagi Prezident maktabi direktori To‘raboy Shermatov, Cambridge Assessment International Education tashkilotining taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha bosh maslahatchisi Steve King,  Cambridge Assessment International Education tashkilotining kasbiy rivojlanish dasturlari bo‘limi boshlig‘i Sara Turner va Prezident taʼlim muassasalari agentligi xalqaro maslahatchisi Mishel Gaddi ishtirok etishdi.

Matbuot anjumanida, jumladan:

1) PDQ (Professional Development Qualification) dasturi;

2) Cambridge Assessment International Education tashkiloti tomonidan Prezident maktablarining akkreditatsiyadan o‘tkazilayotganligi hamda

3) Prezident maktablarining CIS (Council of International Schools) Xalqaro maktablar kengashiga aʼzo bo‘lish jarayoni haqida so‘z bordi.

PDQ (Professional Development Qualification) dasturi

Hozirda Prezident taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi Cambridge Assessment International Education tashkiloti bilan hamkorlikda  o‘qituvchilarni kasbiy rivojlantirishga qaratilgan PDQ (Professional Development Qualification) dasturi ustida ish olib bormoqda.

Mazkur dasturning boshqa malaka oshirish dasturlaridan farqi shundaki, PDQ‘da nafaqat umumiy seminar-mashg‘ulotlar, balqi har bir fan yo‘nalishida ixtisoslashtirilgan maxsus darslar ham bo‘ladi. Bu esa o‘qituvchilarning pedagogik mahoratini oshirish bilan bir qatorda o‘z fani doirasida metodik ko‘mak olishiga yordam beradi.

PDQ dasturi pedagoglarga muntazam ravishda o‘z ustida ishlash imkoniyatini beradi, darslar gibrid shaklida tashkil etiladi. Bunda nafaqat o‘qituvchilar, balki butun maktab jamoasi bilan ishlashga, har bir taʼlim muassasasi uchun alohida strategiya ishlab chiqishga eʼtibor qaratiladi.

Joriy yilning aprel oyidan boshlab esa Agentlik tizimidagi maktablarning bir guruh o‘qituvchilari tajriba-sinov tariqasida mazkur dastur asosida malaka oshirishlari joriy qilinishi rejalashtirilgan.

Hozirda Cambridge Assessment International Education tashkiloti vakillari Toshkentda bo‘lib turishibdi, loyiha ustida ishlar qizg‘in davom etmoqda.

Shuningdek, ayni paytda mazkur dasturni mahalliylashtirish ustida ham ish olib borilmoqda. Yaʼni, kelajakda faqat ingliz tilini bilgan pedagoglar emas, balki barcha o‘qituvchilar PDQ asosida kasbiy mahoratlarini oshirishlari mumkin bo‘ladi.

Cambridge Assessment International Education tashkiloti tomonidan Prezident maktablarining akkreditatsiyadan o‘tkazilayotganligi

Xabaringiz bor, Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident maktablari faoliyati xalqaro hamkor tashkilot – Cambridge Assessment International Education bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Mazkur tashkilot o‘quv jarayonlarida hamkorlik qilish bilan bir qatorda, maktab faoliyati hamda o‘quv jarayonlarining sifatli tashkil etilganligini ko‘rsatkichlari asosida maktablarni xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazadi.

Akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tish maktablarning ushbu tashkilot tomonidan tan olinganligini bildiradi.

O‘tgan davr ichida 4 ta Prezident maktabi – Nukus, Namangan, Xiva va Toshkent shaharlaridagi Prezident maktablari Cambridge Assessment International Education tashkiloti akkreditatsiyasidan o‘tdi. Hozirda esa 2021-2022-o‘quv yilida o‘z faoliyatini boshlagan 10 ta yangi Prezident maktabi akkreditatsiyadan o‘tish jarayonida.

Maʼlumki, xalqaro akkreditatsiyadan o‘tish oson jarayon hisoblanmaydi. Buning uchun taʼlim muassasasi qator talablarga javob berishi kerak. Jumladan, bunda:

-  taʼlim muassasasida Cambridge Assessment dasturlarining muvaffaqiyatli tadbiq etilganligi,

-  SCIENCE va tabiiy fanlar – matematika, fizika, kimyo, biologiya fanlari uchun to‘liq laboratoriya xonalari bilan taʼminlanganligi,

-  Cambridge Assessment imtihonlarining shaffof va sifatli tashkil etish uchun maktabda yetarli shart-sharoitlarning (imtihon savollari saqlanadigan secure room‘larning mavjudligi, jarayonlar kamera kuzatuvida amalga oshirilganligi) yaratilganligiga alohida eʼtibor qaratiladi. 

Akkreditatsiya jarayoni ikki bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqichda Cambridge Assessment International Education vakillaridan tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan maktablar faoliyati onlayn tahlil qilinadi, kerakli maʼlumotlar tashkilotga taqdim etiladi.

Mazkur bosqich muvaffaqiyatli o‘tgach, ishchi guruh maktabda bo‘lib, taʼlim muassasasining talab etilgan mezonlarga qay darajada mos kelishini o‘rganadi.

Hozirda yangi ochilgan 10 ta Prezident maktabida akkreditatsiyadan o‘tish jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda.

Prezident maktablarining CIS (Council of International Schools) akkredetatsiyasidan o‘tkazilishi

CIS  (Xalqaro maktablar kengashi) bu butun dunyoga mashhur tashkilot bo‘lib, mazkur kengash aʼzosi bo‘lish xalqaro darajada tan olinishni anglatadi.

Xalqaro maktablar kengashiga aʼzo bo‘lish uchun, jumladan quyidagi talablar qo‘yilgan:

- Taʼlim muassasasi faoliyat yo‘nalishining sifatli tashkil etilganligi,

- Maktab boshqaruvi, maʼmuriyat faoliyatining sifatli yo‘lga qo‘yilganligi,

-  O‘quv dasturining muvafaqqiyatli joriy qilinganligi,

-  Dars jarayonlarining sifatli tashkil etilganligi hamda baholash tizimi,

- O‘quvchilar uchun zaruriy sharoitlarning yaratilayotganligi;

- Taʼlim muassasasining kadrlar bilan to‘liq taʼminlanganligi,

- Taʼlim muassasasi joylashgan binoning xavfsizlik talablariga javob berishi, texnologik va yordamchi tizimlarning mavjudligi.

3 yil davomida Xalqaro maktablar kengashi ishchi guruhi tomonidan taʼlim muassasi mazkur mezonlarga naqadar mos kelishi o‘rganiladi. Ushbu ishchi guruh dunyoning turli burchaklaridan yig‘ilgan taʼlim sohasining mutaxassislaridan tarkib topadi.

Ayni paytda 2019 yilda faoliyatini boshlagan 4 ta – Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shaharlaridagi Prezident maktablari  mazkur kengash aʼzoligiga o‘tish jarayonida. Ayni paytda 2021-2022-o‘quv yilida o‘z faoliyatini boshlagan 10 ta yangi Prezident maktabini ham bosqichma-bosqich mazkur kengash aʼzoligiga o‘tkazish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Hozirda CIS  (Xalqaro maktablar kengashi) ga aʼzolik uchun barcha xujjatlar muvaffaqiyatli topshirilgan, hamda tashkilot tomonidan Prezident maktablari “super guruh” ga kiritilgan. Bu degani, Prezident maktablarining xalqaro maktablar kengashiga aʼzo bo‘lishi 3 yilda emas, 2 yilda ko‘rib chiqiladi.