“XXI asr yoshlarini XX asr metodikalari bilan o‘qitib bo‘lmaydi”

“XXI asr yoshlarini XX asr metodikalari bilan o‘qitib bo‘lmaydi”

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 7-dekabr 2021-yildagi 741-son Qaroriga muvofiq, Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzurida Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil etilgan. Mazkur Markazning faoliyat yo‘nalishlari va rejalashtirilgan loyihalar haqidagi savollar bilan Markaz mutaxassislariga murojaat qildik.

Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazining asosiy maqsad va vazifalari nimadan iborat?

Sifatli ta’lim jarayonini tashkil etish esa malakali pedagog-kadrlardan boshlanadi. Zero, maktab eng zamonaviy texnik jihozlar va o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlangan bo‘lsayu, o’qituvchining malakasi yetarli darajada bo‘lmasa, ko‘zlangan natijaga erishish imkonsiz.

Oliy ta’lim muassasasini endigina tamomlab, ta’lim dargohlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar hali yetarlicha ko’nikmaga, tajribabaga ega bo‘lishmaydi. Pedagog avvalo tajriba-amaliyot orqali o‘z ko‘nikmalarini oshirib boradi. O‘qituvchi o‘z faoliyati davomida duch keladigan muammolarga yechim topishda metodik ko‘makka ehtiyoj tug‘iladi. Bunday muammolarga yechim topish maqsadida Agentligimiz tizimida pedagog kadrlarning malakasini oshirishga mo‘ljallangan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil etilgan.

O’qituvchi jahon bozorida raqobatlasha oladigan kadrni tarbiyalashi uchun zamonaviy fikrlashi, o‘z ustida doimiy ishlab borishi talab etiladi. Zero, 21-asr yoshlarini 20-asr ta’lim metodikalari orqali o‘qitib bo‘lmaydi. Jamiyatning boshqa sohalari singari dars o‘tish metodikasi ham doimiy yangilanishga, rivojlanishga muhtoj. Shunday ekan, har bir pedagog kadr zamonaviy pedagogika asoslarini bilishi va uni o‘quv jarayonlariga tadbiq eta olishi shart. Bizning markaz tomonidan ishlab chiqilgan dasturlarimiz ham shunga asoslangan.

Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi, shuningdek xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Agentlik tizimidagi ta’lim muassasalaridagi o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini baholash va sertifikatlaydi.

Markazning faoliyat yo‘nalishlaridan biri etib xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Agentlik tizimidagi ta’lim muassasalaridagi o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini baholash va sertifikatlash belgilangan. Bu boyicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Ta’lim sohasining eng muhim qismlaridan yana biri – bu to‘g‘ri tanlangan dastur va baholash tizimi hisoblanadi. Chunki, o‘quvchining bilimi dasturda belgilangan ta’limiy maqsadlar asosida baholanishi kerak.

Hozirda ta’lim tizimida keng qo‘llanilayotgan test tizimi o‘quvchining real bilimi va ko‘nikmasini ko‘rsatib bera olmaydi. U faqatgina o‘quvchining ma’lumotni eslab qolish qobiliyatiga baho berishi mumkin. Ammo, hozirgi texnologiyalar asrida ma’lumotlarni xotirada saqlab qolishga katta ehtiyoj yo‘q – bu vazifalarni kompyuterlar va internet bajaradi. O‘quvchidan 21-asrda tanqidiy fikrlash, muammoni hal qilish va qaror qabul qilish ko‘nikmalari talab etilmoqda. 

Shundan kelib chiqqan holda biz milliy sertifikatlash tizimimizni ishlab chiqish ustida ish olib boramiz. Buning uchun avvalo xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda baholash tizimi mutaxassislarini tayyorlash ustida ishlaymiz.

Undan keyin milliy baholash tizimi yaratilib, tajriba-sinov uchun joriy etiladi. Biroq, bu vaqt talab etiladigan jarayon ekanini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz.

Markazning amaldagi malaka oshirish markazlaridan farqi nimada?

Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tomonidan tashkil etiladigan malaka oshirish darslarimiz gibrid shaklda, oflayn ko‘rinishda va onlayn darslarni o‘z ichiga oladi. Bunda biz o‘qituvchilar malakasini oshirish uchun faqat ular bilan emas, balki butun maktab jamoasi bilan ishlaymiz.

Ya’ni, bizning malaka oshirish kurslarimiz pedagog-kadrlar bilan birgalikda maktab direktorlari, psixolog va tarbiyachilar uchun ham onlayn treninglarni o‘z ichiga olgan. Onlayn darslar so‘nggida ularning olgan bilimlari monitoring qilinib, kurs davomida orttirilgan bilim va tajribalari sarhisob qilinadi.

Shuningdek, ta’kidlab o‘tish joiz – biz tomonimizdan yo’lga qo‘yilayotgan malaka oshirish kurslarida o‘qituvchining ish jarayonidan ajralishiga, markazga kelishiga zarurat yo‘q – bizning mutaxassislarimiz seminar-treninglarni o‘qituvchi faoliyat yuritayotgan  maktabning o‘ziga borib, tashkil etishadi. Natijada pedagog kadrlar faoliyatdan uzilmagan holda o‘z ustida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, kasbiy rivojlanish dasturlari pedagogning faoliyati o‘rganilgan holda ishlab chiqiladi. Tahlil natijalariga ko‘ra o‘qituvchiga metodik yordam ko’rsatiladi.

Markaz doirasida qanday xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan?

Pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish maqsadida bir nechta nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Cambridge Assessment International Education (Buyuk Britaniya) bilan PDQ (Professional development qualification) – kasbiy rivojlanish loyihasi ustida ishlamoqdamiz.

Mazkur loyiha birinchi bosqichda Prezident maktablarida, keyingi bosqichlarda esa ixtisoslashtirilgan va ijod maktablarida, istiqbolda barcha umumta’lim maktablariga joriy etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Portsmut va Nottingem Trent universitetlari bilan rahbar kadrlar va ingliz tili fan o’qituvchilari malakasini oshirish borasida o‘zaro hamkorlik masalalari yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joiz – xorij tajribasi naqadar ilg‘or bo‘lmasin, uni butunligicha mahalliy tizimga joriy etib bo‘lmaydi. Chunki, har bir mamlakatning aholisi, ta’lim tizimi va ijtimoiy hayotining o‘ziga xos jihatlari mavjud. Shularni inobatga olgan holda biz integratsiyalashgan malaka oshirish dasturlari ustida ish olib boryapmiz.

Bunda biz har bir masalaga ilmiy yondashgan holda, o‘qituvchilarning real ehtiyojlarini e’tiborga olamiz.

Agentlik Axborot xizmati