“Yangi O‘zbekiston” universitetiga qabul jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

Bugun Prezident ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi “Yangi O‘zbekiston” universitetiga qabul jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Agentlik direktori Hilola Umarova, “Yangi O‘zbekiston” universiteti faxriy rektori Wolfgang A. Herrmann, TUM International tashkiloti rahbari Friederika Hettinger, Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Dr. Tilo Klinner, “Yangi O‘zbekiston” universitetining o'quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Elyorjon Jumayev hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida, universitet faoliyati, fakultet va yo‘nalishlar, yaqin kelajakda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar va talabalar amaliyoti haqida ma'lumot berildi.

Prezident ta’lim muassasalari agentligi rahbari Hilola Umarova:

- “Yangi O‘zbekiston” universitetida ta’limning sanoat bilan integratsiyasi yo‘lga qo‘yilgan. Universitetda talabalarning nazariya bilan bir qatorda amaliyot asosida tahsil olishlari uchun katta e’tibor qaratilmoqda. O‘quvchilarimizning ilk o‘quv yilidanoq dunyoning nufuzli oliygohlarida, yetakchi laboratoriyalarda  amaliyot o'tayotganligi bunga yaqqol dalildir. Bu ularning o‘zlari egallayotgan sohani yanada yaxshiroq tushunishlariga imkoniyat yaratadi.

“Yangi O‘zbekiston” universitetining faxriy rektori Wolfgang Herrmann:

- Iqtidorli yoshlarning salohiyatini, iste'dodini ochib berish davlat va jamiyat oldida turgan eng katta vazifalardan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan “Yangi O‘zbekiston” universiteti va umuman O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida e’tirof etib o‘tmoqchiman. Men mazkur  universitetining faxriy rektori ekanimdan, bu yerda faoliyat yuritayotganimdan faxrlanaman. 

“Yangi O‘zbekiston” universitetining eng katta yutuqlaridan biri bu undagi taʼlim jarayoni  tadqiqotlarga asoslanganligi, yuqori malakali xorijiy professorlarning jalb etilganligida deb bilaman.   Ishonch bilan aytishim mumkinki, “Yangi O‘zbekiston” universiteti  to‘g‘ri yo‘lda ketmoqda.

Anjuman so‘ngida jurnalistlar o'zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi. Shundan so‘ng, ular uchun universitet binosi bo‘ylab press-tur tashkil etildi.