55-Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasida O'zbekistondan ishtirok etgan 7 nafar o'quvchining barchasi g'oliblikni qo'lga kiritdi

55-Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasida O'zbekistondan ishtirok etgan 7 nafar o'quvchining barchasi g'oliblikni qo'lga kiritdi

G'oliblarning 3 nafari Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish tizimidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati o'quvchilari!

2021-yil 20-26 aprel kunlari 28 ta davlat o'quvchilari o'rtasida 55-Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasi onlayn tarzda o'tkazildi. Yurtimiz sharafini mazkur olimpiadada 7 nafar o'quvchi himoya qilib, 7 nafari ham medal sohibi bo'ldi.

 Olimpiadada Avstriya, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Isroil, Xorvatiya, Vengriya va boshqa mamlakat jamoalari bilan birga mamlakatimiz terma jamoasi ham ishtirok etdi.

Xalqaro olimpiada ikkita nazariya turda o'tkazildi. Ilk bosqichda barcha ishtirokchilar 8 ta majburiy masala ishlagan bo'lsa (jami 80 ball), ikkinchi bosqichda kimyo fanining 5 bo'limiga oid 15 masaladan ixtiyoriy 5 tasini ishlash talab qilindi (jami 75 ball). Ikki bosqich natijalariga ko'ra g'olib o'quvchilar aniqlandi.

Yakuniy natijalarga ko'ra vatanimiz sharafini himoya qilgan o'quvchilar 1 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan taqdirlandi.

Pandemiya sabab onlayn o'tkazilgan olimpiada g'olib ishtirokchilariga diplomlar va medallar hamda sovg'a qilinadigan kitoblar tashkiliy qo'mita tomonidan pochta orqali jo'natiladi.

55-Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasida sovrindor o'rinlarni qo'lga kiritgan Agentlik tizimidagi maktab o'quvchilari:

Kumush medal 
Azimjon Jamolov – Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati o'quvchisi.
Durdona Muxtarxo'jaeva – Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati o'quvchisi.

Bronza medal
Ikromiddin Boymahammadov – Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab o'quvchisi.

Olimpiada nizomiga ko'ra har bir davlatdan 4 nafar o'quvchi grant asosida qatnashishi mumkin. Bundan tashqari badal to'lovi asosida ham o'quvchilar ishtirok etishlari mumkin. 3 ta o'quvchimizdan bir nafari grant asosida, 2 nafari esa badal to'lovi asosida (har biri 1000 yevro) qatnashishda va 1 ta bronza, 1 ta kumush medali sohibi bo'lishib ishonchni oqlashdi.

G'oliblarni chin dildan muborakbod etib, kelgusida yangidan-yangi zafarlar tilaymiz!