Toshkentda dasturchilar uchun eng yirik GDG DevFest Tashkent 2021 festivali tashkil etilmoqda.

Festival joriy yilning 11-12-dekabr kunlari onlayn va oflayn tazrda bo‘lib o‘tadi. Tadbirda ishtirok etish bepul.

GDG (Google Developer Groups) Tashkent kompaniyasi Prezident taʼlim muassasalari agentligi, Digital Generation Uzbekistan, shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti bilan hamkorlikda IT sohasi vakillari uchun navbatdagi DevFest Tashkent 2021 konferensiyasini tashkil qilmoqda.
DevFest - Google homiyligidagi va butu
n dunyo bo'ylab GDG (Google Developer Groups) hamjamiyatlari tomonidan o'tkaziladigan bir qator tadbirlar hisoblanadi. Anjumanning asosiy maqsadi yetakchi dasturchilar o‘rtasida tajriba almashishni ta’minlash va Google kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ilg‘or texnologiyalarni o‘rganishdan iborat.
Tadbir Toshkent shahrida uchinchi bor o‘tkazilmoqda. O‘tgan yillar davomida DevFest Tashkent mingdan ortiq ishtirokchilarni, shuningdek, o‘nlab xalqaro ekspertlarni o‘zida jamlagan edi.
Tadbir doirasida Google, EPAM, TopTal, Ozon.ru, MTS, Selectel, Datasite Technologies, Super Dispatch, BILLZ, Super Unlimited kabi kompaniyalar bilan koʻp yillik hamkorlik tajribasiga ega mahalliy va xalqaro maʼruzachilar, shuningdek, sertifikatlangan Google mutaxassislari (Google Developer Experts) ishtirok etadilar.
Festival davomida “Cloud Computing”, “Android” ilovalari arxitekturasi, Golang tizimini rivojlantirish, UX dizayni, Flutter yordamida dasturlar ishlab chiqish, texnik intervyulardagi tajriba va boshqa ko‘plab dolzarb mavzular muhokama qilinishi kutilmoqda.

11-dekabr kuni onlayn sessiyalar, 12-dekabr kuni esa “Yangi O‘zbekiston” universitetida oflayn taqdimot va seminarlar bo‘lib o‘tadi.

“DevFest Tashkent 2021” ishtirokchilari xalqaro ekspertlardan tajriba orttirish, yangi texnologiyalarni o‘rganish, turli sohalarda o‘z malakalarini oshirish, hamkasblari bilan sohaga oid yangiliklarni muhokama qilish va yirik IT hamjamiyatining bir qismiga aylanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Tadbirda ishtirok etish bepul bo’lib, oldindan ro'yxatdan o'tish talab qilinadi.

https://gdg.community.dev/events/details/google-gdg-tashkent-presents-gdg-devfest-tashkent-2021/