Prezident ta'lim muassasalari agentligi qoshidagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tomonidan tashkil etilgan "Zamonaviy trener dasturi" trening haftaligi boshlandi.

Bugun 7-fevral kuni Prezident ta'lim muassasalari agentligi qoshidagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tomonidan pedagog kadrlar uchun "Zamonaviy trener dasturi" trening mashg'ulotlari boshlandi. Mazkur treninglardan ko'zlangan maqsad Agentlik tizimida o'qituvchilar zaxirasini shakllantirishdan iborat.

Agentlik tasarrufidagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, shuningdek Xalq ta'limi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarning pedagog xodimlar uchun xorijiy va mahalliy trenerlar tomonidan trening va amaliy mashg'ulotlar o'tildi.

Tadbir avvalida Agentlik rahbari tomonidan trening haftaligi ochib berildi. Shundan so'ng xorijlik va mahalliy trenerlar tomonidan "Zamonaviy ta'lim nazariyalari: bixeviorizm, kognetivizm va ijtimoiy konstruktivizm" va "Singapur metodikalarini darslarda qo'llash" mavzularida ilk trening mashg'uloti o'tildi. Trening so'nggida Agentlik mutaxassisi tomonidan amaliy mashg'ulot bo'lib o'tdi.

Treninglar davomida ishtirokchilar o'qituvchilik faoliyatidan farqli ravishta yoshi katta auditoriya bilan ishlash ko'nikmasi, fasilitatorlik mahorati, kichik guruhlarda dars o'tish mahorati, feedback berish, ishtirokchilar bilan ijobiy muhit yaratish ko'nikmalari bo'yicha dars oldilar.

Trening so'nggida bo'lajak trener òziga taqdim etilgan Reflective diary da o'tilgan har bir mashg'ulotni tahlil qilib, uning afzalligi va oldinda turgan nazariyalar haqida, o'tilgan darslarni qanday qilib o'z faoliyatida amalda qo'llash bilan bog'liq savollarga javob berdilar

Ma'lumot o'rnida, mazkur haftalikning o'ziga xos jihati shundan iboratki, avval bu kabi treninglar faqat Ingliz tili o'qituvchilari uchun o'tkazilgan bo'lsa, mazkur trening barcha fan o'qituvchilari uchun mo'ljallangan bo'lib, trening o'zbek tilida olib boriladi.

O'qituvchilarda trenerlik ko'nikmasini shakllantirishga qaratilgan "Zamonaviy trener dasturi"ning ochilishi  va interaktiv mashg'ulotlardan fotoreportaj.