Prezident maktabiga qabul: imtihonlar, qabul kvotasi va tayyorgarlik jarayonlari mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

Prezident taʼlim muassasalari agentligi tomonidan joriy yilning 29 -iyun kuni “Prezident maktablariga qabul: imtihonlar, qabul kvotasi va tayyorgarlik jarayonlari“ mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Аgentlik rahbariyati va qabul komissiyasi aʼzolari ishtirok etishdi.

Mazkur matbuot anjumanida mutaxassislar tomonidan Prezident maktablariga oʼqish istagini bildirgan talabgorlar statistikasi, imtihonlarga tayyorgarlik jarayonlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Maʼlumot uchun, Prezident maktablari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 20.02.2019 yildagi “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi PQ-4199-sonli Qaroriga binoan tashkil etilgan. Prezident maktablari dastlab 4 ta hududda – Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shaharlarida o‘z faoliyatini boshladi. 2021-2022 o‘quv yilidan eʼtiboran yana 10 ta hududda Prezident maktablari ochilib, hozirda Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimida 14 ta Prezident maktabi faoliyat yuritmoqda.

2022-2023 o‘quv yili uchun Prezident maktablariga hujjatlar qabuli joriy yilning 1-20 iyun kunlari onlayn shaklda ariza.piima.uz sayti orqali amalga oshirildi. Qabul jarayonlari davomida 1206 qisqa raqami - Call markazi tashkil qilindi. Koll-markaz mutaxassislari tomonidan har kuni 08:00 dan 20:00ga qadar kelib tushayotgan savollarga doimiy tarzda javob berib borildi.

Bundan tashqari qabul yuzasidan telegram ijtimoiy tarmog‘idagi piimasavollar_bot orqali eng ko‘p kelib tushgan savollarga mutaxassislardan javoblar olinib, ushbu javoblar ijtimoiy tarmoqlar orqali jonli bayonotlar tarzida eʼlon qilib borildi.

2022-2023 o‘quv yilida Prezident maktablariga faqat 5-sinfga qabul bo‘lib o‘tmoqda. Qabul jarayonlari 20 iyun kuni o‘z nihoyasiga yetdi, tasdiqlangan jami arizalar soni 41930 tani tashkil etdi. Imtihonlar natijasiga ko‘ra Prezident maktablariga jami 336 nafar o‘quvchi o‘qishga qabul qilinadi.

Prezident maktablarida imtihonlar ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda o‘quvchilar matematika fanidan 30 ta topshiriqdan iborat test savollarini ishlashadi. Belgilangan vazifani bajarish uchun 60 daqiqa vaqt ajratiladi. Birinchi bosqich natijasiga ko‘ra, qabul kvotasida belgilangan har bir maktab kesimida 480 nafar talabgorlar 2-bosqichda qatnashadi.

Ikkinchi bosqichda esa axborotni tahlil qilish va solishtirish qobiliyatini aniqlash bo‘yicha – mantiq elementlari bo‘lgan matematika fanidan – 40 ta masala, ingliz tilidan – 40 ta test ishlanishi talab etiladi.

Prezident taʼlim muassasalari agentligi va Cambridge Assessment International Education tashkiloti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi tuzilgan bo‘lib, unga binoan Prezident maktablariga qabul imtihonlari mazkur tashkilot bilan hamkorlikda o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan. Qabul imtihonlari yakunlangach o‘quvchilar o‘zlari yig‘gan ballari haqidagi maʼlumotni Cambridge Assessment International Education tashkilotining rasmiy sahifasi orqali bilib olishlari mumkin bo‘ladi.

Imtihonda javobi belgilangan masalalar toifalarining har biri bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan talabgorga quyidagicha tartibda ustunlik beriladi, yaʼni:

C toifadagi savollar bo‘yicha yuqori ball to‘plaganlar;

B toifadagi savollar bo‘yicha yuqori ball to‘plaganlar;

А toifadagi savollar bo‘yicha yuqori ball to‘plaganlar;

Tug‘ilgan sanasi bo‘yicha (yoshroq nomzod tanlanadi).

Nomzodlar barcha toifadagi savollar bo‘yicha teng ball to‘plagan taqdirda, nomzodlar tug‘ilgan sanasi boʼyicha saralanadi, bunda yoshroq nomzodga ustunlik beriladi. Аgarda bu holatda ham tenglik saqlanib qolsa, qabul komissiyasi va taʼlim sohasida xizmat koʼrsatuvchi ixtisoslashgan xorijiy tashkilot tomonidan qo‘shimcha topshiriqlar beriladi.

Hozirgi kunda imtihonlarga tayyorgarlik jarayonlari amalga oshirilayotgan bo‘lib, imtihonlar usti yopiq binolarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bu yilgi imtihonlarning birinchi – saralash bosqichi joriy yilning 1 iyul kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.